Yaponiya energiya inqirozi sabab ko‘mir stansiyalarini qayta ishga tushirmoqda
Yaponiya Yaqin Sharqdagi urush ortidan kelib chiqqan energiya inqiroziga javob sifatida ko‘mir elektr stansiyalaridan foydalanishni oshirishga qaror qildi.

Yaponiya hukumati energiya ta’minoti barqarorligini ta’minlash maqsadida ko‘mirda ishlovchi elektr stansiyalaridan foydalanishni kengaytirishga qaror qildi. Yangi qarorga ko‘ra, ilgari samaradorligi past deb cheklangan ayrim stansiyalar ham 2026 moliyaviy yildan boshlab elektr ta’minoti bozorida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Bu o‘zgarish Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik va energiya ta’minotidagi uzilishlar fonida qabul qilindi.
Xususan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi va Qatardagi yirik suyultirilgan gaz zavodining to‘xtashi Osiyo davlatlarini jiddiy xavf ostida qoldirdi. Yaponiya kabi mamlakatlar energiya importida ushbu hududga yuqori darajada bog‘liq hisoblanadi.
Bosh vazir Sanae Takaichining ma’lum qilishicha, ko‘mir stansiyalarini faollashtirish va atom energetikasini tiklash orqali mamlakat avval Ho‘rmuz orqali kelgan suyultirilgan gazning taxminan 40 foizini qoplay oladi. Bu esa energiya ta’minotidagi bosimni qisman yengillashtiradi.
Shu bilan birga, Yaponiya tabiiy gaz importi kamayishi xavfiga qarshi zaxiralarni muntazam nazorat qilishni kuchaytirmoqda. Zarur hollarda hukumat xususiy kompaniyalar o‘rtasida gaz taqsimotini muvofiqlashtirishi mumkin.
Mazkur qaror mamlakatning ekologik siyosatidan vaqtincha chekinish sifatida baholanmoqda. Chunki Yaponiya ilgari ifloslantiruvchi va samarasiz ko‘mir stansiyalarini bosqichma-bosqich qisqartirishni rejalashtirgan edi.
Shunga qaramay, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiya 2024 yilda issiqxona gazlari chiqindilarini 2,8 foizga kamaytirishga erishgan. Elektr energetikasi sohasida esa 2005 yildan buyon chiqindilar 8 foizga qisqargan. Ammo ekspertlar mamlakatning 2050 yilgacha “nol chiqindi” maqsadiga erishish uchun hozirgi sur’at yetarli emasligini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Misr hukumati mamlakatda gaz tanqisligi sabab elektr energiyasini tejash maqsadida tijorat obyektlari uchun 21:00 gacha ishlash tartibini joriy qilgandi.





