Yaqin Sharqdagi urush O‘zbekistonda benzin narxini oshirdi
Urush fonida birjada benzin narxlari qisqa vaqt ichida 5 foizgacha ko‘tarildi.

Fevral oyi so‘nggida AQSH-Isroil-Eron o‘rtasida urush boshlandi. Harbiy harakatlar Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlarga ham tarqaldi. Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopib qo‘yilishi esa Jahonda neft narxlarini oshirib yubordi.
Urush boshlanishidan oldin, 2026-yilning 27-fevralida O‘zbekistondagi birja savdolarida AI 92 markali benzin narxi tonnasi uchun 12 083 so‘mdan sotilgan edi.
Mart oyida davomida benzin narxi tonnasi uchun 12 730 so‘mdan oshib ketdi. 16-mart holatiga ko‘ra, narxlar urush boshlanishidan oldinggi davrga nisbatan 4,9 foizga oshgan. Bir tonna benzin birja savdolarida 12 700 so‘m atrofida sotilmoqda.
Benzin ishlab chiqarish kamaymoqda
O‘zbekistonda benzin ishlab chiqarish so‘nggi uch yildan beri kamayib bormoqda. 2023-yilda 1,33 mln tonna benzin ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 1,2 mln tonnagacha pasayib ketdi.
2026-yildan boshlab benzin ishlab chiqarish avvalgi yilga nisbatan ko‘payishni boshladi. Biroq, 2023-2024-yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan ishlab chiqarish hajmi hamon pastligicha qolmoqda.
Import esa oshmoqda
Ishlab chiqarish kamayishi fonida mamlakatda benzin import qilish oshib boryapti. 2025-yilda benzin importi 5,8 foizga o‘sib, 1,6 mlrd dollarni tashkil qildi.
Benzin import qilish 2026-yilda sezilarli ko‘paygan. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-fevral oylarida xorijdan 279 mln litr benzin olib kelingan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan (135 mln litr) 2 barobardan ham oshiq ko‘proq degani.
Bunda joriy yilda import qilinayotgan benzin narxi litri uchun 2025-yilga nisbatan qimmatroq bo‘lmoqda. Mart oyidan boshlab import yanada qimmatlashgan.





