Yaqin Sharqdagi yirik port xavf ostida: tankerlar u yerga kirishdan qo‘rqyapti
Dron hujumlari xavfi va sug‘urta muammolari sabab tankerlar BAAdagi muhim neft portiga kirishdan bosh tortmoqda.

Yaqin Sharqdagi yirik neft logistika markazlaridan biri sanalgan BAAning Fujayra porti atrofida xavf kuchaymoqda.
Portdagi vaziyat
«Bloomberg» agentligi ma’lumotiga ko‘ra, bir qator xalqaro kemachilik kompaniyalari dron hujumlari tahdidi va sug‘urta bilan bog‘liq noaniqliklar tufayli portga kirishdan bosh tortmoqda.
Fujayra porti Xo‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinida joylashgan bo‘lsa-da, u bevosita bo‘g‘oz hududiga kirmaydi. Shunga qaramay, mintaqadagi keskinlik va harbiy tahdidlar port faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Manbalarga ko‘ra, tankerlar portga kirishdan qochayotgani uchun shartnoma asosida yetkazib berilgan neftni olib ketish kechikmoqda. Shu sababli u yanada yuqoriroq narxda sotilishi mumkin bo‘lgan tovarga aylanmoqda.
Xalqaro kemachilik kompaniyalarining qarori
«Bloomberg» manbalari bildirishicha, Yevropaning kamida bitta yirik yuk tashuvchi kompaniyasi Fujayraga kirishdan voz kechgan. Yaponiyaning «Nippon Yusen KK» kemachilik kompaniyasi ham xavfsizlik sabab portga qatnovlarni vaqtincha to‘xtatganini elon qilgan.
Treyderlar fikricha, kemachilik kompaniyalari asosan dron va raketa hujumlari xavfidan cho‘chimoqda. Shuningdek, sug‘urta kompaniyalarining ehtiyotkor pozitsiyasi ham qarorlarga ta’sir qilmoqda. Agar yuklar bekor qilinsa, ular bozorda spot narxlarida qayta sotilishi mumkin.
Mintaqadagi boshqa terminallar holati
Fujayra mintaqada neft eksportini davom ettirayotgan kam sonli terminallardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, Saudiya Arabistonining Qizil dengizdagi Yanbu porti va O‘mondagi Mina al-Fahal terminali ham hozircha faoliyatni davom ettirmoqda.
28-fevral tongida AQSH va Isroilning Eronga qarshi operatsiyasi boshlangach, Tehron Xo‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ydi. Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) Eron qurolli kuchlari ushbu suv yo‘lini to‘liq nazorat qilayotganini bildirdi. Natijada, jahon neft yetkazib berish hajmining qariyb 20 foizi o‘tadigan bo‘g‘oz orqali tijoriy kemalar harakati amalda to‘xtab qoldi.





