Logo

Yashirin reklama tarqatgan blogerlar va OAV vakillariga chora ko‘rildi

Бугун 08:202 дақиқа

Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda reklamani axborotdan ajratish talablari buzilayotganini aytdi va tarmoq faollarini ogohlantirdi.

Yashirin reklama tarqatgan blogerlar va OAV vakillariga chora ko‘rildi

Ijtimoiy tarmoqlarda axborot materiali ko‘rinishida yashirin reklama tarqatayotgan blogerlar, vaynerlar hamda OAV vakillariga nisbatan qonuniy choralar ko‘riladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qo‘mitaga ko‘ra, bugungi kunda onlayn va raqamli marketing sohasining rivojlanishi ortidan reklama beruvchilar ommabop kanallar hamda platformalarga reklama joylashtirishga tobora ko‘proq intilmoqda. Biroq, axborot tarqatish jarayonida ko‘plab suiiste’molliklarga yo‘l qo‘yilib, tijoriy materiallar oddiy axborotdan ajratilmayotgani kuzatilmoqda.

«Reklamani boshqa axborotdan “reklama” yoki “reklama huquqi asosida” belgisi bilan ajratgan holda joylashtirish, shuningdek, tahliliy maqolalar, sharhlar, fikrlar, mulohazalardan tijorat maqsadi ko‘zlangan bo‘lsa, ularni reklama sifatida belgilangan holda aniq ko‘rsatish lozim», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Ta’kidlanishicha, ayni paytda oddiy axborot materialidan reklamani ajratib turuvchi ushbu belgilarni ko‘rsatmaslik va identifikatsiya qilishga oid talablarga amal qilmaslik holatlari keng tarqalgan.

Qonunbuzarlarga ko‘rilgan choralar va talablar

Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tgan vaqt davomida «Reklama to‘g‘risida»gi qonunchilik talablarini buzgani uchun 20 dan ortiq ijtimoiy tarmoqlardagi guruh va kanal ma’murlari, blogerlar, vaynerlar va boshqa tarmoq faollariga nisbatan tegishli ta’sir choralari qo‘llanilgan.

«Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, har qanday reklama vositalaridan foydalangan holda tarqatiladigan va bozorda bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadida ilgari surish uchun mo‘ljallangan maxsus axborot — reklama hisoblanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, muassasa barcha OAVlar, ijtimoiy tarmoq ma’murlari hamda tarmoq faollarini keng jamoatchilikka axborot tayyorlash va tarqatishda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.

«Qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda belgilangan tartibda chora ko‘riladi», — deya ogohlantirdi Raqobat qo‘mitasi.

Теглар

Мавзуга оид

Yashirin reklama tarqatgan blogerlar va OAV vakillariga chora ko‘rildi | Vaqt.uz