Yevropa Ittifoqi yoz oylarida bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklamoqchi

Yevropa Ittifoqi bolalar va o‘smirlarni ijtimoiy tarmoqlar ta’siridan himoya qilish maqsadida yoz faslidayoq yangi cheklovlar joriy etishi mumkin.

Yevropa Ittifoqi yoz oylarida bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklamoqchi © yahoo.com

Yevrokomissiya raisi Ursula von der Lyayen ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun minimal yosh masalasi endi e’tiborsiz qoldirilmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, texnologiyalar tez sur’atlarda rivojlanib, bolalar hayotining barcha sohalariga kirib bormoqda.

Yevropa rasmiylari mediakompaniyalarni bolalar xavfsizligiga oid qoidalar va tavsiyalarga yetarlicha amal qilmayotganlikda ayblamoqda. Shu bois, Yevropa Ittifoqining aksar davlatlari ijtimoiy tarmoqlar uchun qat’iy yosh cheklovlarini joriy etish zarurligini qo‘llab-quvvatlayapti.

Yagona qoidalar ishlab chiqilmoqda

Ma’lum qilinishicha, Yevropa Komissiyasi bolalarga ijtimoiy tarmoqlar ta’sirini baholash uchun mustaqil ekspertlar guruhini tuzgan. Agar tadqiqot natijalari xavf yuqori ekanini tasdiqlasa, shu yozdayoq yangi qonun loyihasi taqdim etiladi.

So‘nggi oylarda Yevropaning bir qator davlatlari «tarmoqda balog‘atga yetish» konsepsiyasi asosida milliy qoidalarni ishlab chiqdi. Ayrim mamlakatlarda bunday cheklovlar allaqachon kuchga kirgan.

Yoshni aniqlash muammosi

Brusselda butun Yevropa Ittifoqi uchun yagona texnik mexanizm joriy etish zarurligi ta’kidlanmoqda. Asosiy muammolardan biri — foydalanuvchilar yoshini ishonchli tekshirish usulini topish hisoblanadi.

Bir oy avval Yevropa Ittifoqi foydalanuvchilar yoshini tasdiqlashga mo‘ljallangan maxsus ilova texnik jihatdan tayyor ekanini ma’lum qilgan edi. Ammo ayrim davlatlar uning xavfsizligi va shaxsiy ma’lumotlar himoyasi bo‘yicha xavotir bildirmoqda.

Bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlagan davlatlar

Eslatib o‘tamiz, Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlangan edi. Avstraliya bunday taqiqni joriy etgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi va bu qaror ko‘plab ota-onalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Fransiya parlamentining quyi palatasi (Milliy assambleya) ham 15 yoshdan kichik o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash haqidagi qonun loyihasini ma’qullagan.

Fransiyadan so‘ng Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches Madrid voyaga yetmaganlarni «raqamli Yovvoyi G‘arb»dan himoya qilish uchun 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarga kirishni taqiqlashini e’lon qildi.

Litva parlamentida ham 16 yoshdan kichik bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni qonun bilan cheklash va platformalarga foydalanuvchilar yoshini tekshirish majburiyatini yuklash taklif etildi.

Qozog‘istonda ham 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklash bo‘yicha chaqiriqlar yangramoqda.

Теглар

Мавзуга оид