Yevropa rad etgan migrantlarni O‘zbekiston qabul qiladimi?

Бугун 19:551 дақиқа

«Politico» nashri Yevropa o‘zi qabul qilishni istamagan noqonuniy migrantlarni O‘zbekiston va Qozog‘istonga jo‘natmoqchi ekani haqida yozdi. Vaqt.uz mazkur xabar yuzasidan TIV matbuot kotibidan rasmiy izoh oldi.

Yevropa rad etgan migrantlarni O‘zbekiston qabul qiladimi?

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat hududida Yevropa Ittifoqining deportatsiya yoki migrantlar markazlarini tashkil etish rejalashtirilayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Mavzu «Politico» nashrida e’lon qilingan materialdan keyin muhokamalar markaziga chiqdi.

Nashr manbalariga tayanib, Yevropa Ittifoqi davlatlari boshpana berish rad etilgan migrantlar uchun uchinchi davlatlar hududida maxsus markazlar tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini xabar qilgan.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston noqonuniy migrantlarni Yevropa hududidan chiqarish jarayonida ehtimoliy hamkor davlatlar sifatida tilga olingan.

Toshkent rad javobini berdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev VAQT.UZ'ga ma’lum qilishicha, mazkur xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

«Ayni paytda ushbu masala bo‘yicha Yevropa Ittifoqi muassasalari bilan hech qanday muzokaralar olib borilmayapti hamda ularni o‘tkazish rejada tutilmagan», - dedi Fayziyev.

Qozog‘iston ham rad etdi

Xabarda nomi tilga olingan yana bir davlat — Qozog‘iston ham ushbu mavzuda rasmiy izoh berdi.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro axborot qo‘mitasi raisi Yerlan Jetibayev diplomatik darajada bunday muzokaralar olib borilmaganini ma’lum qildi.

Shu tariqa, Yevropa matbuotida tilga olingan ikki mamlakat ham o‘z hududida migrantlar uchun maxsus markazlar tashkil etish bo‘yicha muzokaralar haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlamadi.

Теглар

Мавзуга оид