Yevropada gaz zaxiralari tarixiy minimumga tushdi

09.03.2026 | 16:352 дақиқа

Qish mavsumi davomida omborlardan katta hajmda gaz olinishi va import muammolari tufayli Yevropa zaxiralari xavfli darajada kamaydi.

Yevropada gaz zaxiralari tarixiy minimumga tushdi

Yevropa yerosti gaz omborlaridagi zaxiralar keskin kamayib, 2026 yil mart oyi boshiga kelib tarixiy minimumga yaqinlashdi. Gas Infrastructure Europe ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi bo‘yicha gaz omborlarining to‘ldirilish darajasi 30 foizdan ham pastga tushgan. Niderlandiyada esa bu ko‘rsatkich 10 foizdan ham kam bo‘lib, mart oyi boshi uchun kuzatuvlar tarixidagi eng past daraja qayd etildi.

2026 yil 6-mart holatiga ko‘ra, Yevropa omborlaridagi umumiy to‘ldirilish darajasi 29,52 foizni tashkil etib, ularda 31,82 mlrd kub metr gaz saqlanayotgani ma’lum qilindi. Bu esa qish mavsumida zaxiralardan faol foydalanilganini ko‘rsatadi. Yevropa omborlaridan shu vaqtga qadar jami 57,69 mlrd kub metr gaz olingan.

Niderlandiyada gaz omborlaridan gaz olish mavsumi 2025 yil 6-noyabrda boshlangan. O‘sha paytda omborlar 73,14 foizga to‘lgan bo‘lib, zaxira hajmi 9,96 mlrd kub metrni tashkil etgan. Shu vaqtdan buyon mamlakat omborlaridan 8,61 mlrd kub metr gaz sarflangan. Yozda esa omborlarga 7,1 mlrd kub metr gaz quyilgan edi. Qishga tayyorgarlik davomida jamlangan gaz 2026 yil 8-fevralga kelib deyarli to‘liq sarflandi.

Yevropa Ittifoqida gaz saqlash quvvati eng katta bo‘lgan davlatlar Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Fransiya va Avstriya hisoblanadi. Ular orasida Germaniyada omborlar sig‘imi 23,7 mlrd kub metr, Italiyada 19,2 mlrd, Niderlandiyada 13,6 mlrd, Fransiyada 11,9 mlrd va Avstriyada 9,5 mlrd kub metrni tashkil qiladi.

Biroq hozirgi kunda bu mamlakatlarda ham zaxiralar keskin kamaygan. Masalan, Germaniyada omborlar 20,88 foiz, Fransiyada 21,72 foiz, Niderlandiyada 9,89 foiz, Italiyada 46,54 foiz, Avstriyada esa 36 foizga to‘lgan.

Mutaxassislar Buyuk Britaniyada vaziyat yanada murakkab ekanini ta’kidlamoqda. Mamlakatdagi gaz omborlari kichik bo‘lgani sababli, ularda qolgan zaxira faqat 1,5–2 kunlik ehtiyojni qoplashi mumkin.

Shu bilan birga, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat ham gaz bozoriga ta’sir ko‘rsatmoqda. Suyultirilgan tabiiy gaz tashuvchi ba’zi tankerlar yo‘nalishini o‘zgartirib, Osiyo bozoriga burilmoqda.

Bu holat Buyuk Britaniyani gaz uchun yuqoriroq narx to‘lashga majbur qilmoqda. Natijada mamlakatda Yevropadagi eng yuqori ulgurji gaz narxlaridan biri shakllangan.

Shuningdek, Yaqin Sharqdagi mojaro sabab ayrim kemalar dunyo STG savdosining katta qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘ta olmayapti. Bu esa global gaz ta’minotidagi xavotirlarni kuchaytirib, narxlarning yanada oshishiga turtki bermoqda.

Теглар

Мавзуга оид