Logo

Yevroparlament migrantlarni uchinchi davlatlarga chiqarishni ma’qulladi

Кеча 21:352 дақиқа

Garchi O‘zbekiston TIV bunday muzokaralar olib borilayotganini qat’iy rad etgan bo‘lsa-da, 17-iyun kungi Yevroparlament qaroridan so‘ng Yevropa matbuoti ehtimoliy hamkorlar qatorida yana O‘zbekiston nomini tilga olmoqda.

Yevroparlament migrantlarni uchinchi davlatlarga chiqarishni ma’qulladi

Yevropa Ittifoqida boshpana berish rad etilgan nolegal migrantlar kelajakda O‘zbekiston va boshqa qator davlatlar hududidagi maxsus deportatsiya markazlariga chiqarib yuborilishi mumkin. Bu haqda Yevropa parlamentining 17-iyun kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan press-relizida ma’lum qilindi.

Yevroparlament ko‘pchilik ovoz bilan (666 ishtirokchidan 418 tasi yoqlab, 218 tasi qarshi, 30 tasi betaraf) chet elliklarni deportatsiya qilish bo‘yicha yangi reglamentni ma’qulladi. Hujjat YIda qolish huquqiga ega bo‘lmagan, biroq o‘z vataniga qaytarish imkonsiz bo‘lgan (masalan, ularning davlatlari qabul qilishni rad etgani sababli) shaxslar uchun YI tashqarisida «qaytish xablari»ni yaratishni nazarda tutadi.

AFP axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bunday deportatsiya markazlarini joylashtirish bo‘yicha YIning bo‘lajak hamkorlari sifatida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ruanda va Uganda ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu markazlarni yaratish va migratsiya qonunchiligini kuchaytirishni Germaniya, Avstriya va Daniya hukumatlari qo‘llab-quvvatlamoqda.

Nolegallarga nisbatan sanksiyalarning kuchaytirilishi

Yashash uchun ruxsatnomasi yo‘qligiga qaramay, YI hududini tark etishni rad etgan shaxslarga nisbatan yanada qattiqroq sanksiyalar qo‘llaniladi. Bunday migrantlar tez-tez hibsga olinishi va Yevropa Ittifoqiga qayta kirishga qo‘yiladigan taqiqlar tizimli ravishda qo‘llanilishi kutilmoqda.

Shuningdek, nolegal migratsiyaga qarshi kurashishning yangi choralari orasida nafaqa to‘lovlarini qisqartirish yoki to‘liq to‘xtatish ham ko‘zda tutilmoqda, deb ma’lum qiladi dpa agentligi.

Brusselda umid qilishlaricha, yangi qoidalar ko‘proq nolegal migrantlarni YIga qabul qilish rad etilganda o‘z vataniga ixtiyoriy ravishda qaytish qarorini qabul qilishga majbur qiladi. Amaldorlarning statistikasiga ko‘ra, hozirda chiqarib yuborish qarori qabul qilinganlarning faqatgina har to‘rtinchisi amalda o‘z kelib chiqish mamlakatiga qaytmoqda.

Shu bilan birga, tashabbusni tanqid qilayotganlar «xablar» yaratilishining o‘ziga qarshi chiqmayapti, biroq ularni Yevroittifoq hududida qurishni talab qilmoqda. Ularning fikricha, uchinchi davlatlarda bunday markazlardagi saqlash sharoitlarini nazorat qilish qiyinroq va migrantlar u yerda insonning asosiy huquqlari buzilishiga duch kelishi mumkin.

Avvalgi raddiyalar

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2-iyun kuni O‘zbekiston va Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirliklari «Politico» nashrining Yevropa o‘z hududidan chiqarib yuboriladigan migrantlar uchun ushbu davlatlarda maxsus markazlar tashkil etishni rejalashtirayotgani haqidagi xabarlarini rad etgan edi. O‘zbekiston TIV matbuot kotibi Omonullo Fayziyev bu masalada Yevropa Ittifoqi muassasalari bilan hech qanday muzokaralar olib borilmayotgani va rejalashtirilmaganini ta’kidlagan. Qozog‘iston TIV vakili Yerlan Jetibayev ham diplomatik darajada bunday muzokaralar bo‘lmaganini ma’lum qilgan.

Теглар

Мавзуга оид