YTTB Tojikistonda elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish uchun 50 mln yevro ajratmoqda

16.04.2026 | 11:082 дақиқа

Mablag‘, xususan, elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish ishlariga yo‘naltiriladi.

YTTB Tojikistonda elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish uchun 50 mln yevro ajratmoqda © опора-лэп.рф

Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki (YeTTB)Tojikistonga So‘g‘d va Xatlon viloyatlarida elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish uchun qariyb 50 mln yevro miqdorida kredit va grant ajratmoqda. Bu haqda «Aziya+» xabar berdi.

Bank Tojikistonga elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish maqsadida jami 49,6 mln yevro ajratmoqda. Shundan 28 mln yevro – kredit, qolgan qismi esa qaytarilmaydigan mablag‘ (grant) hisoblanadi.

Ma’lum qilinishicha, kredit bo‘yicha foiz stavkasi yillik «0,5 foiz+ Eurobir»ni tashkil etadi; kredit 20 yil ichida qaytarilishi kerak. Dastlabki 6 yil davomida faqat foizlar to‘lanadi, keyingi 14 yilda esa asosiy qarz va foizlar birgalikda to‘lanadi. «0,5 foiz+ Eurobir» degani foiz stavkasiga «Eurobir» xalqaro stavkasiga bog‘liq qo‘shimcha qo‘shiladi, u esa har kuni o‘zgarib turadi. Masalan, agar kredit ajratilgan vaqtda «Eurobir» 0,2 foiz bo‘lsa, umumiy foiz stavkasi 0,7 foiz bo‘ladi.

Kredit bo‘yicha kelishuv 1-aprel kuni parlament yig‘ilishida Oliy kengash deputatlari tomonidan ma’qullangan.

Kelishuv maqsadi

Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Yusuf Majidiy parlament yig‘ilishida kelishuvni taqdim etar ekan, uning maqsadi elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish, eskirgan infratuzilmani almashtirish, zamonaviy hisobga olish tizimlarini joriy etish, to‘lov intizomini yaxshilash va mablag‘ yig‘ishni kuchaytirishdan iborat ekanini bildirdi.

Loyiha doirasida So‘g‘d va Xatlondagi elektr taqsimlash tarmoqlarining 9 ta filialida modernizatsiya ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Loyiha 2025-yil dekabrda boshlanib, 2030-yil 30-maygacha davom etadi.

Qayd etilishicha, mazkur kelishuv 2025-yil 4-dekabr kuni Tojikiston moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Tojikistondagi doimiy vakili Xolger Vifel tomonidan imzolangan.

Bundan avval Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon parlamentga murojaatida 2025-yilning 11 oyi davomida mamlakatda elektr energiyasi yo‘qotishlari 3 milliard kVt·soatni tashkil etganini, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 500 million kVt·soatga kam ekanini ta’kidlagan.

Prezident, shuningdek, «ayrim sohadagi xodimlar to‘lovlarni to‘liq hisobga olmagani va ruxsatsiz yo‘qotishlar aholi hamda boshqa iste’molchilar zimmasiga sun’iy ravishda yuklangani»ni qayd etdi.

Mutaxassislar elektr energiyasi yo‘qotishlarini transformatorlar, podstansiyalar va elektr uzatish liniyalarini ta’mirlash va almashtirish zarurati bilan bog‘laydi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘qotishlar 13 foizga kamaygani aytilsa-da, mutaxassislar amalda bu ko‘rsatkich ancha yuqori ekanini ta’kidlamoqda.

Теглар

Мавзуга оид