Logo

Yuqori o‘sish prognozi: Global inqiroz Markaziy Osiyoga xavf solmayapti

Markaziy Osiyo iqtisodiyotining umumiy hajmi 2026 yilda 600 milliard dollardan oshishi mumkin.

Yuqori o‘sish prognozi: Global inqiroz Markaziy Osiyoga xavf solmayapti

2026 yil mart oyida Fors ko‘rfazidagi mojaroning keskinlashishi global iqtisodiyotga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Neft narxlarining o‘sishi, inflatsiya xavfining kuchayishi va iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi jahon bozorlarida noaniqlikni oshirdi.

Shunga qaramasdan, Yevrosiyo taraqqiyot banki prognozlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy o‘sish bo‘yicha dunyoning eng faol mintaqalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilar qatorida

YeOTB baholashicha, 2026 yilda:

Qirg‘iziston iqtisodiyoti 10,2 foizga;
Tojikiston iqtisodiyoti 8,3 foizga;
O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,9 foizga;
Qozog‘iston iqtisodiyoti 5,5 foizga o‘sadi.

Mutaxassislarning fikricha, mintaqada o‘sishning asosiy manbalari investitsiyalar, ichki talab, qurilish, sanoat va transport sohalarining rivojlanishi bo‘ladi.

O‘zbekistonda o‘sish saqlanadi

Prognozlarga ko‘ra, O‘zbekiston YAIM o‘sishi 2026 yilda 7,9 foizni tashkil etadi. Keyingi yillarda o‘sish sur’ati ma’lum darajada sekinlashib, 2028 yilga kelib 6,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Inflatsiya esa bosqichma-bosqich pasayishi prognoz qilinmoqda:

• 2026 yil — 6,8 foiz;
• 2027 yil — 5,7 foiz;
• 2028 yil — 5,2 foiz.

Markaziy bankning asosiy stavkasi ham 13,7 foizdan 11,2 foizgacha tushirilishi mumkin.

Shu bilan birga, milliy valuta kursining bosqichma-bosqich qadrsizlanishi kutilmoqda.

YeOTB hisob-kitoblariga ko‘ra, dollar kursi:

• 2026 yilda — 12 200 so‘m;
• 2027 yilda — 12 900 so‘m;
• 2028 yilda — 14 100 so‘m atrofida bo‘lishi mumkin.

Neft inqirozi ta’siri turlicha bo‘ladi

Ta’kidlanishicha, neft inqirozining ta’siri mintaqa davlatlarining energiya resurslarini sof eksport yoki import qiluvchi mamlakat ekaniga qarab turlicha bo‘ladi.

Qayd etilishicha, Markaziy Osiyo iqtisodiyotining umumiy hajmi 2026 yilning o‘zida 600 milliard dollardan oshishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид