Logo

Zo‘ravonlik, erta nikoh va 16 yoshgacha homiladorlik holatlari haqida xabar berish tartibi belgilandi

Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik, voyaga yetmaganlarning nikohi hamda 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari haqida 102 yoki 112 raqamlari orqali xabar beriladi.

Zo‘ravonlik, erta nikoh va 16 yoshgacha homiladorlik holatlari haqida xabar berish tartibi belgilandi © GemenAI

O‘zbekistonda huquqbuzarlik holatlarini aniqlash, ular haqida tegishli idoralarga xabar berish hamda jabrlanuvchilarni himoya choralari va mavjud ijtimoiy xizmatlar haqida xabardor qilish tartibi belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining 25-noyabrdagi “Huquqbuzarlik holatlari haqida xabar qilish tartibi to‘g‘risida”gi 640-son qarorida belgilangan.

Nizomga ko‘ra, xabardor qiluvchi subyektlar tomonidan o‘z xizmat va kasb faoliyati davomida huquqbuzarliklar, shu jumladan, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik, shuningdek, voyaga yetmaganlarning nikohi va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari quyidagi manbalar orqali aniqlanadi:

• jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari;
• ta’lim-tarbiya jarayonidagi pedagogik kuzatuvlar hamda ta’lim oluvchilar, ularning ota-onalari bilan o‘tkazilgan suhbatlar; • fuqarolarga tibbiy yordam va reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va dispanser nazoratiga olish jarayonlari;
• o‘z xizmat va kasb faoliyati davomida boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar.

Xabardor qiluvchi subyektning mas’ul xodimi xabarnoma yuborilgan vaqtda yoki uni yuborgandan so‘ng zudlik bilan jabrlanuvchi shaxsga tushunarli va unga maqbul shaklda quyidagilar to‘g‘risida ma’lumot beradi:

• xabarnoma yuborilganligi va uning mazmuni;
• «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunda nazarda tutilgan himoya choralari, shu jumladan, himoya orderi;
• «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi hamda boshqa jabrlangan xotin-qizlarga yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlarda mavjud xizmatlar;
• «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari va boshqa tashkilotlar orqali bepul yuridik maslahat olish huquqi.

Idoraviy axborot tizimlari to‘liq integratsiya qilinguniga qadar xabardor qiluvchi subyektlar tomonidan Ichki ishlar vazirligining «102» yoki «112» yagona dispetcherlik xizmati tizimiga telefon qilish orqali xabar beriladi.

Теглар

Мавзуга оид