10 dan oshiq banklar islomiy moliyani joriy qilmoqchi — Markaziy bank raisi
O‘zbekistonda islom moliyasi haqidagi qonun to‘liq kuchga kirgach, ko‘plab banklar bu yo‘nalishda bank xizmatlarini taklif qilishni rejalashtirgan.

25-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida mamlakat investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishga qaratilgan uchta ustuvor yo‘nalish — xalqaro moliya va raqamli texnologiyalar markazlarini tashkil etish hamda islomiy moliya xizmatlarini joriy qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida yig‘ilish davomida islomiy banklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish haqidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi.
Qonun loyihasi fevralda Oliy Majlis tomonidan maqullanib, tasdiqlash uchun prezidentga yuborilgandi.
Birinchi navbatda, Markaziy bankka kadrlar salohiyatini kuchaytirish — zarur hollarda, mutaxassislarni tegishli ta’lim muassasalarida o‘qitish va sertifikatlashni tashkil etish topshirildi, shunda islom moliyasi tamoyillari asosida ishlaydigan to‘laqonli banklar paydo bo‘lishi bilan regulyator bank tizimi barqarorligini ta’minlashga tayyor bo‘ladi. Shuningdek, xalqaro standartlar asosida qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi, — deydi Timur Ishmetov.
Markaziy bank raisi qo‘shimcha qilishicha, regulyator hozirda islom moliyasi sohasidagi ikkita xalqaro tashkilotga buxgalteriya hisobi va audit hamda bank nazorati bo‘yicha to‘laqonli a’zolikka qabul qilingan.
Qonun imzolangandan so‘ng, islomiy moliya mahsulotlarini ham ixtisoslashgan banklarda, ham an’anaviy banklardagi «islom darchalari» orqali ishga tushirish rejalashtirilgan. Buning uchun barcha qonunchilik cheklovlari allaqachon olib tashlanadi. Bugungi kunga kelib 10 dan ortiq bank bu yo‘nalishda tayyorgarlikni boshlagan. Qonun to‘liq kuchga kirgach, tegishli vositalardan foydalanish ko‘lami asta-sekin kengayib borishini ko‘ramiz, — deya qo‘shimcha qildi Ishmetov.
2025-yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy «darcha» faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 2026-2030 yillarda esa to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etish rejalashtirilgan.
Umuman, sohadagi yangiliklar orqali 2026-2030 yillarda qo‘shimcha 1 milliard dollar miqdorida investitsiya va depozitlarni jalb qilish imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.





