100 dan ortiq konlar taqdiri: «Saneg» qarzlari bo‘yicha qaror kutilmoqda
«Saneg» kompaniyasining «O‘zbekneftgaz» oldidagi qarzdorligini undirish uchun yangi moliyaviy mexanizm joriy etildi.

2019-yilda hukumatning yopiq qarori bilan 100 dan ortiq konlar «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatidan Sanoat Energetika Guruhi (Saneg) boshqaruviga o‘tkazilgan edi. Hozirgi kunda «Saneg»ning «O‘zbekneftgaz» oldida qarzdorligi yuzagan kelgan va uni undirish uchun alohida tartib ishlab chiqilgan. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» boshqaruv raisining moliya, transformatsiya va xususiylashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamroyev kecha, 20-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
«Saneg» kompaniyasining mol-mulklariga keladigan bo‘lsangiz, rostdan ham qaysidir mulklar «Saneg» kompaniyasiga vaqtinchalik berilgan. Hozirda ular faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bu bo‘yicha ham endi alohida ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruhdan tashqari, ularning hozirgi joriy, ya’ni bizning xizmat ko‘rsatishimizdan yuzaga kelgan qarzdorliklarini undirish bo‘yicha alohida tartib ishlab chiqildi. Ya’ni, bu Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi: ularning eksportidan tushadigan mablag‘lar alohida hisob-g‘aznasiga yig‘ilyapti va o‘sha g‘aznadan yig‘iladigan mablag‘lar, birinchi navbatda, «O‘zbekneftgaz» oldidagi qarzdorlikni undirishga yo‘naltiriladi», – dedi Suhrob Hamroyev.
Uning aytishicha, «Saneg» kompaniyasi alohida hisob-g‘aznasidagi mablag‘ni taqsimlanmaydi. U summa Moliya vazirligi tomonidan avtomatik tarzda taqsimlanadi.
«Mol-mulklari bo‘yicha alohida, men bilishimcha, ishchi guruh tuzilgan. «Saneg» jamiyatida barcha shu mablag‘lar, hozirgi qarzdorliklar bo‘yicha hisob-kitob qilinib, ishchi guruhning xulosasiga asosan, keyin qanaqadir qaror qabul qilinadi. Bu bizning neft-gaz vakolatimizda emas», – dedi Hamroyev.
Matbuot anjumanida qatnashgan «O‘zbekneftgaz» bosh geologi Nodir Muhiddinov esa respublikada ishlayotgan konlarning yarmi «O‘zbekneftgaz»ga tegishli ekanini aytdi.
«Hozirgi paytda deyarli ishlatilayotgan konlarni «O‘zbekneftgaz» kompaniyasiga qarashli respublika hajmidan olib qaralsa, 50 foizi O‘zbekneftgaz kompaniyasi tomonidan ishlatiladi. Respublikaning zaxirasiga nisbatan 50 foizi «O‘zbekneftgaz» kompaniyasiga tegishli», – dedi u.
«Saneg» qanday kompaniya?
Sanoat Energetika Guruhi (sobiq Jizzax Petroleum) O‘zbekistondagi eng yirik neft va gaz kompaniyalaridan biridir. Bugungi kunda «Saneg»ga geologiya-qidiruv va foydali qazilmalarni qazib olish uchun tegishli ravishda va litsenziyalar ro‘yxatdan o‘tkazilgan holda 103 ta neft va gaz konlariga yer qa’ridan hamda yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi berilgan.
Kompaniyada nafaqat neft va gaz, balki xomashyo qayta ishlanib, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan benzin, dizel, neft, aviakerosin va boshqa qator mahsulotlar ishlab chiqariladi. Qayta ishlash 2022-yil may oyidan boshlab «Saneg» tarkibiga kiruvchi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida amalga oshirilmoqda. Yoqilg‘i O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab kompaniya hamkorlarining chakana savdo tarmoqlari orqali sotiladi.
2019-yilda hukumatning yopiq qarori bilan 100 dan ortiq konlar «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatidan «Saneg» boshqaruviga o‘tkazilgan. Konlarning berilishi 2020−2030-yillarga mo‘ljallangan neft qazib olishni oshirish loyihasi bilan bog‘liq bo‘lib. Loyiha 2,68 mlrd dollar investitsiya kiritish, 800 ta yangi quduq burg‘ulash va yana 500 tasini kapital ta’mirlashni nazarda tutgan. «Saneg» 2022-yil yakunlariga ko‘ra 545,4 ming tonna neft qazib olinganini ma’lum qilgan, dastur loyihasida 614,7 ming tonna ko‘rsatilgan edi.





