Logo

19-iyul kuni ham O‘zbekistonda elektr iste’moli yangi rekord qayt etdi

Kecha 17:482 daqiqa

Anomal issiq tufayli O‘zbekistonda dam olish kuni ham sutkalik elektr energiyasi iste’moli va ishlab chiqarish hajmi rekord darajaga yetdi. Mamlakatda elektr iste’moli ketma-ket yettinchi kun rekord yangilanmoqda.

19-iyul kuni ham O‘zbekistonda elektr iste’moli yangi rekord qayt etdi

O‘zbekiston yagona energetika tizimida 2026-yil 19-iyul, yakshanba kuni anomal issiq havo ta’sirida yozgi mavsum uchun elektr energiyasi iste’moli rekord darajaga yetdi.

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, sutkalik elektr energiyasi iste’moli 291,8 mln kWh'ni tashkil etgan. Bu o‘tgan yil yozgi mavsumida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan 19,2 mln kWh'ga yoki 7,04 foizga ko‘pdir.

Shuningdek, kechki eng yuqori yuklama soatlarida yagona energetika tizimining maksimal yuklamasi 13,8 GW'ga yetgan. Bu 18-iyul kuni qayd etilgan maksimumdan yana 100 MW yuqori hisoblanadi. Yakshanba kuni bo‘lishiga qaramay, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham 295,4 mln kWh'ga yetgan.

Ayrim hududlarda uzilishlar bo‘ldi

Yuqori yuklamalar fonida ayrim hududlarda elektr tarmoqlarida nosozliklar yuzaga kelib, minglab iste’molchilar vaqtincha elektr ta’minotisiz qoldi.

Eng yirik uzilish Farg‘ona viloyatida kuzatildi. Qo‘qon shahri, Furqat, Dang‘ara, Uchko‘prik va O‘zbekiston tumanlarida elektr tarmog‘idagi nosozlik sababli 13 ming nafar iste’molchining elektr ta’minoti uzildi. Nosozlik 20-iyul kuni tungi soat 00:26 da bartaraf etildi.

Toshkent shahrida ham bir nechta holat qayd etildi. Podstansiyalardagi nosozliklar sababli Shayxontohur va Olmazor tumanlarida 7 ming nafar, Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida esa 1 300 nafar iste’molchi vaqtincha elektr ta’minotisiz qoldi. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli va Uchtepa tumanlarida ham mahalliy uzilishlar kuzatildi.

Tizim kuchaytirilgan tartibda ishladi


Energetika vazirligiga ko‘ra, yuqori iste’mol sharoitida avariya-ta’mirlash brigadalari kuchaytirilgan tartibda ishlab, yuzaga kelgan nosozliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etgan.

Shuningdek, 19-iyul kuni Toshkent shahrining Yashnobod, Yunusobod va Chilonzor tumanlari, shuningdek, Toshkent viloyatining Zangiota va Toshkent tumanlarida ham elektr tarmoqlaridagi nosozliklar sabab ayrim iste’molchilarda vaqtincha elektr uzilishlari kuzatilgan. Vazirlik yuqori yuklamalar saqlanayotgani bois tezkor xizmatlar kuchaytirilgan rejimda ishlashda davom etayotganini ma’lum qildi.

Teglar

Mavzuga oid