1990-yillar ssenariysi takrorlanishi mumkin: Rossiya defolt ostonasida

11.03.2026 | 10:552 daqiqa

Yevroittifoqning sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan Rossiyaning moliyaviy halokati muqarrar ekanini e’lon qildi.

1990-yillar ssenariysi takrorlanishi mumkin: Rossiya defolt ostonasida

Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan Rossiya iqtisodiyoti jiddiy moliyaviy inqiroz ostonasida turganini bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, bir necha yil davom etgan xalqaro sanksiyalar mamlakat moliya tizimiga katta bosim o‘tkazib, iqtisodiy barqarorlikni zaiflashtirgan.

10-mart kuni Germaniyaning «Redaktionsnetzwerk Deutschland» mediaguruhi nashrlariga bergan intervyusida diplomat Rossiyadagi asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar xavotirli darajaga yetganini aytdi. Uning fikricha, uzoq muddatli cheklovlar oqibatida mamlakat iqtisodiyoti retsessiyaga kirib bormoqda.

Budjet va bank tizimida muammolar

O’Sallivan Rossiya davlat budjeti jiddiy muammolarga duch kelayotganini, inflatsiya darajasi yuqoriligi va foiz stavkalari keskin oshganini ta’kidladi.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab sanoat korxonalari harbiy ehtiyojlarni moliyalashtirish uchun katta miqdorda kreditlar olgan. Biroq hozirda ular bu qarzlarga xizmat ko‘rsatishda qiyinchilikka duch kelmoqda. Shu sababli bank tizimida qaytarilishi qiyin bo‘lgan qarzlar miqdori ortib bormoqda.

Rossiya iqtisodiyoti juda tez qulaydi

O’Sallivan Rossiya 1990-yillar oxirida kuzatilgan moliyaviy defoltga o‘xshash holatga yaqinlashmoqda, degan fikrni bildirdi. Uning aytishicha, Ukrainadagi urushni davom ettirish siyosati iqtisodiy bosimni yanada kuchaytirmoqda.

«Rossiya iqtisodiyoti avvaliga juda sekin, keyin esa juda tez qulaydi», — deb ta’kidladi diplomat.

Shu bilan birga, u sanksiyalar darhol harbiy harakatlarni to‘xtatmasligini, ammo vaqt o‘tishi bilan Rossiyaning harbiy imkoniyatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid