
2025 yilda O‘zbekistonda elektromobillar savdosi 35 foizga o‘sgan
O‘tgan yilda birlamchi avtomobil bozorida o‘sish saqlanib, elektromobillar talab va sotuv sur’atlari bo‘yicha bozorning eng faol segmentiga aylangan.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda birlamchi avtomobil bozori barqaror o‘sish sur’atlarini namoyish etdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumot berdi.
Tahlillarga ko‘ra, mahalliy va import ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi yil davomida 5,2 foizga oshib, qariyb 370 ming donani tashkil etdi. Bu natija iste’molchilar faolligi saqlanib qolganini va bozorda talab pasaymaganini ko‘rsatadi.
Hududiy kesimda eng yuqori o‘sish sur’atlari Sirdaryo viloyatida qayd etildi — bu yerda savdo hajmi 45 foizga oshgan. Toshkent viloyatida o‘sish 36 foizni, Namangan viloyatida 26 foizni, Qashqadaryo viloyatida esa 21 foizni tashkil qildi. Mazkur hududlarda aholi daromadlari o‘sishi va infratuzilmaning yaxshilanishi avtomobil xaridlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatgani ta’kidlanadi.
Shu bilan birga, bozorda noteng dinamika ham kuzatildi. Toshkent shahrida, Navoiy hamda Xorazm viloyatlarida yangi yengil avtomobillar realizatsiyasi hajmi qisqardi. Mutaxassislar bu holatni yuqori raqobat, bozorning ma’lum darajada to‘yinishi va iste’molchilarning xaridni kechiktirishga moyilligi bilan izohlaydi.
Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar segmenti bozorda yetakchi bo‘lib qoldi. 2025 yilda ushbu segmentdagi savdo hajmi 315 ming donadan oshdi. Import avtomobillar realizatsiyasi esa taxminan 53,3 ming donani tashkil etdi, bu umumiy bozordagi ulush nisbatan cheklanganligini ko‘rsatadi.
Yilning eng muhim tendensiyasi elektromobillar bozorida kuzatildi.
Yangi elektromobillar sotuvi 35 foizga oshib, 40,7 ming donani tashkil etdi. Ushbu segment o‘sishning asosiy drayveriga aylanib, ekologik transportga qiziqish ortib borayotganini namoyon qildi. Elektromobillar sotuvining 71 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, keyingi o‘rinlarda Samarqand, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida qayd etildi.





