add

2026-yildan bojxona to‘lovlarida qator imtiyoz va yengilliklar beriladi

Bugun 18:381492 daqiqa

Prezident farmoni bilan bojxona to‘lovlari arzonlashtirilib, tadbirkorlar uchun kechiktirib to‘lash va avtomatik rasmiylashtiruv imkoniyatlari yaratiladi.

2026-yildan bojxona to‘lovlarida qator imtiyoz va yengilliklar beriladi

O‘zbekistonda bojxona ma’muriyatchiligini yanada soddalashtirish va tashqi savdo jarayonlarini tezlashtirishga qaratilgan yangi islohotlar joriy etilmoqda. Bu bo‘yicha 17-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti PF–250-sonli farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, 2026 yil 1-martdan boshlab tovarlarni chegara o‘tkazish punktiga yetib kelguniga qadar dastlabki deklaratsiyalash orqali erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga joylashtirishda bir qator imtiyozlar beriladi. Jumladan, bojxona rasmiylashtiruvi uchun undiriladigan bojxona yig‘imi miqdori 20 foizga pasaytiriladi. Shuningdek, bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib yoki kechiktirib to‘lashda 14 kungacha foiz hisoblanmasligi belgilandi.

2026 yil 1-maydan tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda yangi tartib joriy etiladi. Unga ko‘ra, bojxona to‘lovlarini tovarlar respublika hududiga kirib kelganda har bir partiya uchun alohida to‘lash imkoniyati yaratiladi. Bu tashqi savdo ishtirokchilari uchun moliyaviy yukni bosqichma-bosqich taqsimlash imkonini beradi.

Farmonda avtomatik bojxona rasmiylashtiruvi qamrovi ham kengaytirildi. Bojxona organlarining axborot tizimida xavf aniqlanmagan hollarda yirik soliq to‘lovchilar, davlat tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalar import qilayotgan yuklar avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi. Shuningdek, tarif va notarif cheklovlar tatbiq etilmaydigan eksport yuklari ham ushbu tartibdan foydalanadi.

2026 yil 1-iyundan tadbirkorlarga bojxona bojini 120 kungacha kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi. Shu bilan birga, bojxona to‘lovlarini ta’minlashda xavflarni boshqarish tizimi natijalaridan kelib chiqib, pasaytirilgan miqdorda ta’minot taqdim etish amaliyoti joriy etiladi.

2026 yil 1-iyuldan bojxona auditi doirasida “maslahatchi auditor” tamoyili yo‘lga qo‘yiladi. Unga ko‘ra, tadbirkorga aniqlangan kamchiliklar haqida oldindan xabar berilib, ularni mustaqil bartaraf etish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, bojxona nazorati natijalari tadbirkorlarning barqarorlik reytingini shakllantirishda inobatga olinadi.

Teglar

Mavzuga oid