2026-yilgi «Oscar» mukofoti g‘oliblari e’lon qilindi
Los Anjelesda o‘tgan 98-«Oscar» marosimida Pol Tomas Andersonning filmi bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.

AQSHning Los Anjeles shahrida Amerika kinoakademiyasining 98-«Oskar» mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda rejissyor Pol Tomas Anderson suratga olgan «Jang ortidan jang» filmi «Eng yaxshi film» deb topildi. Ushbu kartina shuningdek bir qator muhim nominatsiyalarda ham g‘olib chiqdi.

Pol Tomas Anderson mazkur film uchun yana ikki mukofotni qo‘lga kiritdi.

U «Eng yaxshi rejissyor» va «Eng yaxshi moslashtirilgan ssenariy» nominatsiyalarida ham g‘olib deb e’lon qilindi.

Filmdagi roli uchun aktyor Shon Penn «Eng yaxshi ikkinchi darajali erkak aktyor» mukofotiga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, kartina yangi joriy etilgan «Eng yaxshi kasting» nominatsiyasida ham «Oscar»ni qo‘lga kiritdi.
Marosimda eng ko‘p nominatsiya bilan ishtirok etgan film «Gunohkorlar» bo‘ldi. Rayan Kugler rejissyorligida suratga olingan ushbu xorror-triller 16 ta nominatsiya bilan yetakchilik qildi. Film ssenariy muallifi Rayan Kugler «Eng yaxshi original ssenariy» mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Aktyorlik yo‘nalishidagi asosiy mukofotlar ham e’lon qilindi. «Eng yaxshi erkak aktyor» mukofoti «Gunohkorlar» filmidagi roli uchun Maykl B. Jordanga berildi.

«Eng yaxshi ayol aktrisa» esa «Xamnet» filmidagi ijrosi uchun Jessi Bakli deb topildi.

«Eng yaxshi ikkinchi darajali ayol aktrisa» nominatsiyasida Emi Medigan «Qurollar» filmidagi roli uchun g‘olib deb e’lon qilindi.

Shu bilan birga, «Key-pop iblis ovchilari» animatsion filmi ikkita mukofotga — «Eng yaxshi to‘liq metrajli animatsion film» va «Eng yaxshi qo‘shiq» («Golden») nominatsiyalariga sazovor bo‘ldi.

Hujjatli filmlar orasida «Janob Hechkim Putinga qarshi» kartinasi «Eng yaxshi hujjatli film» deb topildi. Film amerikalik rejissyor Devid Borenshteyn va rossiyalik videograf Pavel Talankin tomonidan yaratilgan.

«Eng yaxshi xorijiy film» nominatsiyasida norvegiyalik kinematografistlar tomonidan ishlangan «Sentimental qiymat» filmi g‘olib bo‘ldi. Texnik nominatsiyalarda esa «Frankenshteyn» filmi bir nechta mukofotga sazovor bo‘ldi — eng yaxshi kostyumlar, grim va soch turmaklari, shuningdek eng yaxshi postanovkachi rassom ishi uchun.

Bundan tashqari, «Eng yaxshi vizual effektlar» mukofoti «Avatar: Olov va kul» filmiga.

«Eng yaxshi ovoz» mukofoti esa «Formula-1» filmiga topshirildi.





