add

2030 yilgacha qo‘shimcha 17 ming MW «yashil» energiya quvvati ishga tushiriladi

Bugun 17:252173 daqiqa

2030 yilgacha qayta tiklanuvchi energiya ulushi 54 foizga yetkazilib, elektr ta’minoti, transformatsiya tarmoqlari va mintaqaviy hamkorlikni qamrab olgan yirik islohotlar amalga oshiriladi.

2030 yilgacha qo‘shimcha 17 ming MW  «yashil» energiya quvvati ishga tushiriladi

2030 yilgacha qo‘shimcha 17 ming megavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari ishga tushiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-dekabr kuni yangi energetika quvvatlari va infratuzilma ob’ektlarini ishga tushirish hamda navbatdagilarining qurilishini boshlashga bag‘ishlangan tantanali marosimda xabar berdi.

Elektr energiyasiga bo‘lgan talab kamida 1,5 barobarga o‘sishi kutilayotgan sharoitda davlat rahbari energetika sohasidagi ustuvor vazifalar va kelgusi yillar rejalarini ma’lum qildi.

Prezident ta’kidlashicha, mamlakat 2030 yilga qadar qo‘shimcha 17 ming megavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu natijada umumiy generatsiyada «yashil» energiya ulushi 54 foizga yetkaziladi.

Yangi quvvatlarni yagona energetika tizimiga ulash maqsadida 6 ming kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari barpo etiladi. Faqat kelgusi yilning o‘zida 1 ming kilometr tarmoq qurilishi va podstansiyalarda 6 ming megavatt qo‘shimcha quvvat yaratilishi rejalashtirilgan.

So‘nggi yillarda xorijiy sarmoyalarni jalb qilishda davlat-xususiy sheriklik asosiy mexanizm sifatida qo‘llanib, energetika tarmoqlarini modernizatsiya qilishga keng imkoniyat yaratmoqda. Samarqand elektr tarmoqlarini Turkiyaning «Aksa Elektrik» kompaniyasiga xususiy boshqaruvga topshirish bo‘yicha kelishuv shular jumlasidandir. Loyiha doirasida kompaniya investitsiya kiritib, yo‘qotishlarni ikki baravarga kamaytirishni rejalashtirmoqda va bu orqali yiliga 20 million dollar tejab qolinadi.

Bunday tajriba asosida kelgusi yili Jizzax va Sirdaryo, 2027 yilda esa Namangan va Toshkent viloyatlari elektr tarmoqlari ham investorlarga taklif qilinadi.

Shu bilan birga, aholining quyosh energiyasi kabi muqobil manbalardan foydalanishi faol qo‘llab-quvvatlanadi. Yangi yilda 300 ta mahallada 107 MVt quvvatli quyosh stansiyalarini o‘rnatish orqali 30 ming kambag‘al oila «yashil» energiya bilan ta’minlanadi, ortiqcha energiyani tarmoqqa sotish imkoni yaratiladi.

Tadbirkorlar bu yil 40 MW kichik va mikro GESlar qurib, 120 million kilovatt-soat energiya ishlab chiqardi. Kelgusi yili yana 65 MW quvvatga ega ob’ektlar barpo etiladi va 80 ming xonadonda elektr ta’minoti yaxshilanadi.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, mamlakat 2035 yilgacha zararli gazlar chiqarilishini 50 foizga qisqartirish majburiyatini olgan. COP-30 da taqdim etilgan «iCRAFT» loyihasi doirasida 23 million tonna issiqxona gazi kamaytirilgani hisobga olingan va xalqaro uglerod birliklari savdosi yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, bu yil 17 ta yirik korxona «yashil» energiya bo‘yicha xalqaro sertifikat olgan, ikki yilda ular soni 100 taga yetkazilishi belgilandi.

«Biz bugun ishga tushirayotgan barcha loyihalar iqtisodiy o‘sishni ta’minlab, kelajak avlodlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bunday jadal harakatlarimiz va tashabbuslarimiz bilan biz yangicha modeldagi zamonaviy energetika tizimini albatta to‘liq barpo etamiz», – deya ta’kidlagan Prezident.

Tadbir yakunida Prezident 42 ta energetika ob’ektini ishga tushirish va yana 21 tasining qurilishini boshlashga ramziy start berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident ishtirokida 11 mlrd dollarlik energetika loyihalari ishga tushirilganligi haqida xabar berilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

2030 yilgacha qo‘shimcha 17 ming MW «yashil» energiya quvvati ishga tushiriladi | Vaqt.uz