Logo

Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi Yangi Toshkentga ko‘chiriladi

Bugun 14:312 daqiqa

Fanlar akademiyasi muzey atrofidagi muhokamalar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi Yangi Toshkentga ko‘chiriladi © wikipedia.uz

Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi Yangi Toshkentga ko‘chiriladi. Bu haqda Fanlar akademiyasi muzey atrofida tarqalgan xabarlar yuzasidan bergan izohida ma’lum qildi.

Muhokamalar yozuvchi Shukur Jabborning ijtimoiy tarmoqda muzey yopilgani haqidagi xabarlaridan keyin boshlangan. Fanlar akademiyasi ushbu holat yuzasidan tushuntirish berib, muzey faoliyati to‘xtatilmasligi, amalga oshirilayotgan ishlar esa noyob qo‘lyozmalar va eksponatlarni xavfsiz saqlash hamda yangi binoga ko‘chirish jarayoni bilan bog‘liqligini ta’kidladi.

«Shu munosabat bilan ma’lum qilamizki, muzeyda amalga oshirilayotgan ishlar uning faoliyatini to‘xtatish yoki madaniy merosga zarar yetkazishga emas, aksincha, noyob qo‘lyozmalar, arxiv materiallari va boshqa muzey boyliklarini yanada ishonchli sharoitda saqlash, ularni raqamlashtirish hamda kelajak avlodlarga beziyon yetkazishga qaratilgan. Amalga oshirilayotgan jarayonlar belgilangan tartib va me’yoriy hujjatlar asosida tashkil etilmoqda hamda ortiqcha xavotirga hech qanday asos yo‘q», — deyiladi rasmiy bayonotda.

Eksponatlar qayerga ko‘chiriladi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi muzey binosi ishga tushgunga qadar:

— muzey fondidagi qo‘lyozma va toshbosma manbalar, shuningdek, «O‘zbekiston yozuvchilari va shoirlari arxivi» fondi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga;

— muzeyning boshqa eksponatlari esa O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Antropologiya institutiga vaqtinchalik saqlash uchun ko‘chirib o‘tkazilmoqda.

«2026-yil 9-iyun kuni belgilangan talablar asosida muzeyda saqlanayotgan 847 dona nodir qo‘lyozma Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus saqlash xonalariga joylashtirildi. Ayni paytga qadar 1 491 dona toshbosma manba, 439 ta papkadagi foto-nusxalar, 145 ta papkadagi plyonka va negativlar, shuningdek, 1 416 512 ta hujjatni o‘z ichiga olgan “O‘zbekiston yozuvchilari va shoirlari arxivi” fondi birlamchi xatlovdan o‘tkazildi. Hozirda qolgan eksponatlarni xatlovdan o‘tkazish jarayoni davom etmoqda», — deyiladi akademiya bayonotida.

Eski bino taqdiri

Muzey rahbari Jabbor Eshonqulning ma’lum qilishicha, 1934 yilda qurilgan hozirgi bino 1968 yildan buyon kapital ta’mirlanmagan. Shu sababli obyekt vaqtinchalik yopilgan.

Uning ta’kidlashicha, muzey Yangi Toshkentdagi binoga ko‘chganidan keyin hozirgi tarixiy binodan filial sifatida foydalanish masalasi mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Teglar

Mavzuga oid