
Amerikalik investorlar O‘zbekiston bozoriga nega kiryapti?
Auerbach Grayson rivojlanayotgan bozorlar bilan ishlashga ixtisoslashgan brokerlik kompaniyasi bo‘lib, 120 dan ortiq davlatda hamkorlarga ega.

AQSHning Auerbach Grayson & Company LLC kompaniyasi O‘zbekiston kapital bozori sohasidagi Tartibga solish qumdoni maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabar berdi.
Agentlikka ko‘ra, kompaniya AQSH institutsional investorlari uchun vakolatli ishtirokchi sifatida faoliyat yuritadi, shuningdek, mahalliy qimmatli qog‘ozlarni xalqaro savdo maydonlarida muomalaga chiqarish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutadi. Auerbach Grayson rivojlanayotgan bozorlar bilan ishlashga ixtisoslashgan brokerlik kompaniyasi bo‘lib, 120 dan ortiq davlatda hamkorlarga ega.
Bozorga qiziqish nima bilan bog‘liq?
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kapital bozorini liberallashtirish, investitsiyaviy xizmatlarni kengaytirish va hisobdorlik talablarini kuchaytirish bo‘yicha qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Kapital bozorini tartibga solish departamenti boshlig‘i Saibjan Xudayberdiyevga ko‘ra yangi xizmatlar va texnologiyalarni xavfsiz sharoitda sinovdan o‘tkazish imkonini beruvchi tartibga solish qumdoni maxsus huquqiy rejimi sinov rejimi ishga tushirildi. Unga Bank of Georgia, OTP Bank, TBC Capital va Armaniston Markaziy depozitariysi kabi xalqaro ishtirokchilar qo‘shildi. Bundan tashqari, Toshkent fond birjasida Free of Payment savdo platformalari joriy etildi, 50 milliard so‘mlik birinchi "yashil obligatsiyalar" chiqarildi va Markaziy depozitariy orqali masofadan turib investorlarni aniqlash va dividend to‘lash mexanizmlari joriy etildi.
Auerbach Graysonning Tartibga solish qumdoniga kiritilishi xalqaro ishtirokchilarning bozorga qiziqishi ortganidan dalolat beradi.
Инвесторлар nima ko‘ryapti?
Uzoq muddatli salohiyat — O‘zbekistonda kapital bozori hali rivojlanish bosqichida, ammo aholi sonining o‘sishi, xususiy sektor faolligining ortgani va moliyaviy instrumentlarga bo‘lgan talabning ko‘payishi xorijiy investorlar uchun imkoniyat yaratadi.
Huquqiy muhitdagi o‘zgarishlar —Investorlar huquqlarini himoya qilish, korporativ boshqaruv va oshkoralik standartlari bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, hozirda milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirishga qaratilgan "Kapital bozori to‘g‘risida" va "Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun loyihalari ishlab chiqilgan.
Bu xalqaro kompaniyalar uchun barqaror muhit yaratishga qaratilgan qadam sifatida baholanmoqda.
Yangi listing imkoniyatlari — Mahalliy emitentlarning IPO jarayonlarini faollashtirish rejasi, shuningdek, qimmatli qog‘ozlarni xalqaro maydonlarga chiqarish imkoniyatlari investorlar uchun qo‘shimcha qiziqish uyg‘otmoqda.
Qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
Auerbach Graysonning ro‘yxatdan o‘tkazilishi qisqa muddatda bozor hajmiga katta ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin. Ammo yirik brokerlik kompaniyasining O‘zbekistonga kirib kelishi xorijiy kapital uchun qo‘shimcha ishonch signali, mahalliy emitentlar uchun yangi investorlar auditoriyasi, bozor infratuzilmasi va standartlarini modernizatsiya qilish kabi jarayonlarga turtki bo‘lishi kutilmoqda.
Ayni paytda uzoq muddatda xalqaro ishtirokchilarning faollashuvi bozor likvidligining oshishi va yangi moliyaviy instrumentlar paydo bo‘lishiga xizmat qilishi mumkin.
Xavflar ham bor, lekin…
Mutaxassislar fikricha, savdo hajmlarining pastligi, emitentlar sonining kamligi, infratuzilmaning rivojlanish bosqichida ekani, tartibga solish mexanizmlarining to‘liq shakllanmagani singari holatlar O‘zbekiston kapital bozorining rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Boshqa tomondan bunday sharoit rivojlanayotgan bozorlar uchun xos bo‘lib, investorlar ko‘pincha aynan shunday «erta bosqich» salohiyatini qadrlaydi.
Auerbach Graysonning Tartibga solish qumdoni ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi amerikalik investorlar O‘zbekiston kapital bozorini istiqbolli va kirish uchun tayyor deb ko‘rayotgani belgisidir.





