add

Andijonda Rossiya–Ukraina urushida qatnashgan fuqaro qamaldi

Bo‘ston tuman sudida urushda Rossiya tomonidan qatnashgan O‘zbekiston fuqarosiga sud hukmi o‘qildi.

Andijonda Rossiya–Ukraina urushida qatnashgan fuqaro qamaldi

Andijon viloyati Bo‘ston tuman sudida Rossiya–Ukraina urushida Rossiya tomonidan qatnashgan 38 yoshli O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hukmi bilan u 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz nashri.

Ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchi S.X. pul ishlab topish maqsadida 2025 yil 14-aprel kuni Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahriga borgan. U yerda ma’lum haq evaziga Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzib, harbiy xizmatga kirgan. Keyinchalik Ukraina hududidagi Lugansk va Donetsk shaharlarida olib borilgan harbiy harakatlarda qatnashgan.

Sudda berilgan ko‘rsatmalarga ko‘ra, u dastlab fuqarolik ishi bilan shug‘ullangan, ammo hujjatlari bo‘lmagani sababli Rossiya huquq-tartibot organlari tomonidan ushlab turilgan.

«Novosibirsk shahriga borib, yo‘llarni ta’mirlashga mo‘ljallangan firmada ishladim. 1-iyun kuni sherigim A. bilan birga ishlayotganimda, Rossiya IIB xodimlari hujjatlarim yonimda bo‘lmaganligi sababli xizmat xonalariga olib bordi», deydi sudlanuvchi.

Uning aytishicha, keyinchalik Rostov viloyatida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan va 15-iyun kuni Donetsk shahriga yuborilgan. Ma’lum muddat davomida jang zonasida turli yordamchi vazifalarni bajargan.

Sudlanuvchi gospitalga tushish maqsadida o‘zini jarohatlaganini ham yashirmagan. U sudda quyidagilarni bildirgan:

«Bir amallab gospitalga borishni reja qildim. Granataning ustki qismini ajratib olib qo‘limda ushlab turganimda portladi, chap qo‘lim kichik barmog‘i uzilib ketdi...»

Shundan so‘ng u Rossiya hududidagi shifoxonalarda davolangan va keyinchalik O‘zbekistonga qaytib kelgan. Sudda S.X. aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymon ekanini bildirgan hamda yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan.

Sud uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi va 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘talishi belgilandi.

Teglar

Mavzuga oid

Andijonda Rossiya–Ukraina urushida qatnashgan fuqaro qamaldi | Vaqt.uz