«Aniq muddat mavhum» — O‘zbekistonning JSTga a’zoligi 2027-yilga qoladimi?
Mamlakat bugungacha tashkilotga a’zo 35 ta davlatning 34 tasi bilan muzokaralarni yakunlagan. Xo‘sh, qolgan yagona davlat bilan muzokaralar qanday ketmoqda? O‘zbekiston yil yakunigacha a’zolik jarayonlarini yakunlaydimi? Batafsil Vaqt.uz reportajida.
3-noyabr kuni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruh raisi Sung Yo Choi ham ishtirok etib, o‘z nutqida bugungacha qilingan ishlar va kelgusidagi rejalar bilan bo‘lishdi.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston muzokaralarni 2026-yilda yakunlashni maqsad qilgan. Bu borada Azizbek Urunov boshchiligidagi muzokaralar guruhi ish olib bormoqda.
Qayd etilishicha, JST a’zolari O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlamoqda va jarayon muvaffaqiyatli yakunlanishidan manfaatdor. Biroq bu barcha masalalar bo‘yicha kelishuvga erishish oson kechishini anglatmaydi. Chunki har bir a’zo davlatning o‘z iqtisodiy manfaatlari va xavotirlari mavjud.
«Endigi vazifa — a’zolarning keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlovini qolgan masalalar bo‘yicha aniq kelishuvlarga aylantirish», — dedi Sung Yo Choi.
U muzokaralar ikki asosiy yo‘nalishda olib borilayotganini tushuntirdi. Birinchisi — bozorga kirish imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar. Bu doirada O‘zbekiston manfaatdor JST a’zolari bilan tovarlar va xizmatlar savdosi yuzasidan ikki tomonlama kelishuvlarga erishishi kerak. Hozirga qadar 30 dan ortiq shunday kelishuv yakunlangan.
Ikkinchi yo‘nalish esa O‘zbekistonning tashqi savdo rejimini JST qoidalariga muvofiqlashtirish bilan bog‘liq. Bunda mamlakatning savdo siyosati, amaldagi tartib-taomillari va tashkilotga a’zo bo‘lgach zimmasiga oladigan majburiyatlari o‘rganilmoqda. Raisning so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘nalish katta hajmdagi texnik ishlarni talab qilgan.
Sung Yo Choi O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni ijobiy yo‘nalishda davom etayotgani va sezilarli natijalarga erishilganini qayd etdi. Shu bilan birga, endi asosiy e’tibor erishilgan kelishuvlarni barcha a’zo davlatlar qo‘llab-quvvatlay oladigan yakuniy a’zolik paketiga aylantirishga qaratilishi lozim.
JSTga a’zo bo‘lish kechikishi haqida ikki xil bayonot
Matbuot anjumanida jurnalistlardan biri 2026-yilning mart oyida yakunlanishi rejalashtirilgan a’zolik qaysi sabablarga ko‘ra kechiktirilganini so‘radi.
O‘sha vaqtlarda O‘zbekiston tomoni ayrim a’zo davlatlar hujjatlarni ko‘rib chiqishda sustkashlik qilganini aytgan. Ammo JST hisobotida esa bu masala ayrim qonunlarni qabul qilish kechikayotgani bilan izohlangan.
Prezident administratsiyasi mas’ul xodimi Iskandarbek Genjayevning ta’kidlashicha, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni konsensus tamoyiliga asoslanadi. Ya’ni tashkilotning barcha a’zo davlatlari nomzod mamlakatning a’zoligini qo‘llab-quvvatlashi kerak.
Uning tushuntirishicha, hozirda JST tarkibida 166 ta davlat mavjud. Ulardan hatto bittasi O‘zbekistonning a’zoligiga qarshi chiqsa ham, jarayonni yakunlash imkoni bo‘lmaydi.
Muzokaralar davomida a’zo davlatlar tomonidan qo‘shimcha savollar ko‘tarilishi yoki O‘zbekistondan yangi majburiyatlarni qabul qilish talab etilishi mumkin. Bunday holatlar a’zolik jarayonining cho‘zilishiga sabab bo‘ladi.
«Bizdan so‘ralayotgan majburiyatlar yuzasidan, albatta, O‘zbekiston manfaatlarini himoya qilgan holda o‘z pozitsiyamizni bildiramiz. Bu esa muzokaralar jarayoniga qo‘shimcha vaqt talab etadi», — dedi u.
Shuningdek, 2026-yilning boshida O‘zbekiston bilan ikki tomonlama muzokaralar olib borishga qo‘shimcha davlatlar ham qiziqish bildirgan. Genjayevning so‘zlariga ko‘ra, ular bilan muzokaralar deyarli yakunlangan va hozir asosiy e’tibor ko‘p tomonlama muzokaralarga qaratilmoqda.
Bu bosqichda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bilan bog‘liq majburiyatlari, xususan, mamlakat zimmasiga oladigan shartlar muhokama qilinmoqda. Ularni barcha a’zo davlatlar bilan kelishib olish esa muayyan vaqt talab etadi.
O‘zbekiston yil oxirigacha JSTga a’zo bo‘ladimi yoki muzokaralarni yakunlaydimi?
Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini yil yakunigacha yakunlash bo‘yicha topshiriq bergan edi. Biroq bu muddatga qadar tashkilotga to‘liq a’zolik ta’minlanishi kerakmi yoki faqat muzokaralar yakunlanishi nazarda tutilganmi? Matbuot anjumanida ushbu masalaga ham oydinlik kiritildi.
JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ishchi guruh raisi Sung Yo Choining aytishicha, tashkilot a’zolari bilan tariflar va xizmatlar bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarning qariyb 99 foizi yakunlangan. Hozirda faqat ayrim tafsilotlarni kelishib olish qolgan.
Buning uchun O‘zbekiston JSTning tartibga solish tamoyillariga mos keladigan tegishli ichki qonunchilik hujjatlarini qabul qilishi kerak. Bundan tashqari, mamlakat tashkilotga a’zo bo‘lganidan keyin zimmasiga oladigan ayrim majburiyatlarning shartlari va ularning aniq ifodalanishi bo‘yicha ham a’zo davlatlar bilan kelishuvga erishishi lozim.
«Umuman olganda, O‘zbekiston marra chizig‘iga juda yaqin keldi, deb aytgan bo‘lardim. Endi tashkilotga a’zo bo‘lish yillar emas, balki sanoqli oylar masalasiga aylandi», — dedi Sung Yo Choi.
Shu bilan birga, muzokaralarning yakuniy bosqichi odatda eng nozik va murakkab jarayon hisoblanadi. Shu sababli barcha masalalar shu yilning oxirigacha yoki kelasi yilda ijobiy hal etilishiga umid qilinmoqda. Biroq muzokaralar davom etayotgani sababli hozircha aniq muddatni belgilash qiyin.
Demak, yil yakunigacha bo‘lgan vazifa bilan O‘zbekistonning JSTga to‘laqonli a’zo bo‘lish sanasini bir xil tushunmaslik kerak. Sung Yo Choi keltirgan izohlar muzokaralarning yakuniy bosqichga yaqinlashganini ko‘rsatadi, ammo belgilangan muddatda a’zolikning o‘zi yakunlanishini kafolatlamaydi.
JSTga a’zo bo‘lgandan keyin O‘zbekiston uchun eng katta qiyinchiliklar nimalardan iborat bo‘ladi?
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi muzokaralar yakunlanishi bilan barcha ishlar tugashini anglatmaydi. Aksincha, mamlakat oldida tashkilot qoidalarini amaliyotga tatbiq etish, tegishli institutlarni shakllantirish va xalqaro savdo siyosatida faol ishtirok etish kabi yangi vazifalar paydo bo‘ladi.
Ishchi guruh raisining ta’kidlashicha, a’zolikdan keyingi eng muhim ustuvor yo‘nalish O‘zbekiston zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarish bo‘ladi. Buning uchun tegishli institutlar va institutsional infratuzilmani yaratish, savdoni tartibga solish tizimini takomillashtirish hamda davlat idoralari o‘rtasida samarali muvofiqlashtirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish talab etiladi.
Biroq vazifa faqat JST bitimlari va a’zolik doirasida qabul qilingan majburiyatlarni bajarish bilan cheklanmaydi. O‘zbekiston tashkilot faoliyatida ham faol ishtirok etishi, xalqaro savdo qoidalari va qarorlarini ishlab chiqish jarayonida o‘z pozitsiyasini ilgari surishi kerak.
«O‘zbekiston muhokamalarda qatnashishi, JST qoidalari va qarorlarini shakllantirishga hissa qo‘shishi hamda o‘z manfaatlari va ustuvorliklari tashkilot faoliyatida to‘g‘ri aks ettirilishini ta’minlashi kerak», — dedi Sung Yo Choi.
Uning fikricha, buning uchun mamlakat ichidagi manfaatdor tomonlar, jumladan, tegishli davlat idoralari va boshqa subyektlar bilan yaqindan hamkorlik qilish muhim. Ularning taklif va qarashlari O‘zbekistonning Jenevadagi muzokaralar pozitsiyasini shakllantirishga xizmat qilishi lozim.
O‘zbekiston JST muzokaralarida fermerlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qanday shartlarni ilgari suradi?
Muzokaralarda qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalasi ham alohida o‘rin tutadi. Bu borada mamlakat uchun asosiy masalalardan biri fermerlar va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini saqlab qolishdir.
Prezident administratsiyasi mas’ul xodimi Iskandarbek Genjayevning tushuntirishicha, muzokaralarda «de minimis» deb ataladigan ko‘rsatkich muhim ahamiyatga ega. Bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning ruxsat etilgan chegarasini belgilaydi.
JST qoidalariga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ushbu chegara mahsulot ishlab chiqarish qiymatining 10 foizini, rivojlangan davlatlar uchun esa 5 foizini tashkil etadi. Ya’ni, rivojlanayotgan mamlakatlar muayyan qishloq xo‘jaligi mahsulotni ishlab chiqarishni uning umumiy qiymatining 10 foizidan ortiq miqdorda qo‘llab-quvvatlay olmaydi.
Genjayevning qayd etishicha, O‘zbekiston aynan 10 foizlik chegarani kelishib olishga intilmoqda. Bu borada Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan muzokaralar olib borilmoqda.
Mintaqadagi boshqa davlatlar tajribasida esa turli ko‘rsatkichlar mavjud. Masalan, Qozog‘iston JSTga a’zo bo‘lish muzokaralari natijasida «de minimis» darajasini 8,5 foiz etib belgilagan. Ayrim qo‘shni mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 10 foiz, boshqalarida esa 5 foizni tashkil etadi.
Biroq muzokaralar faqat 10 foizlik chegara bilan cheklanmaydi. Yana bir muhim ko‘rsatkich — Total AMS, ya’ni qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning umumiy hajmi hisoblanadi.
Prezident administratsiyasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, bu boradagi aniq raqamlar hozircha oshkor qilinmaydi, chunki ular ikki tomonlama va ko‘p tomonlama muzokaralar doirasida muhokama qilinmoqda.
«Muzokaralar davomida ushbu ko‘rsatkich O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur darajadan past qilib belgilanmasligi ustida ishlanmoqda. Umid qilamanki, bunga erishamiz», — dedi u.
«JSTga a’zo bo‘lmaslik O‘zbekistonning global iqtisodiy jarayonlardan ortda qolishiga olib kelishi mumkin»
So‘nggi yillarda xalqaro savdo tizimida proteksionistik siyosat kuchayib, davlatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo bitimlariga qiziqish ortmoqda. Xususan, AQSHning tarif siyosati va geosiyosiy keskinliklar fonida JSTning global savdoni tartibga solishdagi o‘rni ham muhokama qilinmoqda. Ayrim ekspertlar tashkilotga a’zolikni iqtisodiy taraqqiyotning asosiy kafolati emas, balki xalqaro savdoda foydalaniladigan vositalardan biri sifatida baholamoqda.
Shunday sharoitda O‘zbekiston uchun JSTga a’zo bo‘lish strategik maqsad bo‘lib qolmoqdami? Ushbu savolga javob bergan tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha ishchi guruh raisi Sung Yo Choi a’zolik oson jarayon emasligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, JSTga qo‘shilish uchun shunchaki ariza berishning o‘zi yetarli emas. Har bir mamlakatning savdo rejimi, ichki iqtisodiy siyosati va amaldagi tartib-qoidalari alohida o‘rganilib, muzokaralar individual tarzda olib boriladi. Bu esa qonunchilikni o‘zgartirish, davlat institutlarini mustahkamlash va ichki islohotlarni amalga oshirishni talab qiladi.
Xo‘sh, davlatlar nega shuncha murakkab jarayonni boshdan kechirishga tayyor? Sung Yo Choi bunga bir nechta iqtisodiy omillarni sabab qilib ko‘rsatdi. Jumladan, JSTga a’zolik ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va mamlakatning jahon iqtisodiyoti bilan integratsiyasini chuqurlashtirish imkonini beradi.
Uning ta’kidlashicha, a’zolikning iqtisodiy samarasi faqat bojxona tariflarini pasaytirish yoki bozorlarni ochish bilan cheklanmaydi. Xitoy va Vietnam tajribasida ham JSTga qo‘shilish kengroq iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish uchun turtki bo‘lgan.
Sung Yo Choi JSTning yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotiga ham to‘xtalib, unda a’zolik jarayonida jiddiyroq majburiyatlarni zimmasiga olgan va tegishli islohotlarni amalga oshirgan mamlakatlar iqtisodiyoti boshqa holatlarga nisbatan o‘rtacha 1,5 foiz bandga tezroq o‘sgani qayd etilganini aytdi.
«JSTga a’zo bo‘lish shunchaki bojlarni pasaytirish emas. Bu tadbirkorlaringiz global ta’minot zanjirlarida qatnasha oladigan xalqaro savdo tizimiga qo‘shilish va unga integratsiyalashish demakdir. Aks holda, O‘zbekiston ortda qolib ketishi mumkin», — dedi Sung Yo Choi.
Tayvan bilan muzokaralar nega kechikmoqda?
Hozirda O‘zbekistonda kelishuvga erishishi kerak bo‘lgan yagona davlat Tayvan hisoblanadi. Vaqt.uz bu davlat bilan muzokaralar qaysi bosqichda ekani va jarayon nega uzoq vaqt olayotgani bilan qiziqdi. Prezident administratsiyasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, kelishuv tafsilotlari to‘liq ochiqlab bo‘lmaydi. Ammo ikki davlat pozitsiyalari va talablari mavjud va muzokaralar yagona kelishuvga erishmaguncha davom etadi.
Vaqt.uz avvalroq O‘zbekistonning JSTga a’zoligi ortidan avtomobil narxlari nega arzonlashmasligi haqida yozgandi.
Teglar






