AQSH–Eron mojarosining 47-kuni

Bugun 09:005 daqiqa

AQSH prezidenti Donald Tramp yaqin kunlarda Eron bilan muzokaralarning ikkinchi raundi o‘tkazilishi mumkinligiga ishora qildi.

AQSH–Eron mojarosining 47-kuni © Reuters

AQSH prezidenti Donald Tramp Vashingtonda Isroil va Livan o‘rtasida kamdan-kam kuzatiladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar bo‘lib o‘tayotgan bir paytda, Eronga qarshi urush «yakunlanish arafasida» ekanini ma’lum qildi. Vashington Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi dengiz qamalini davom ettirayotganiga qaramay, Tramp yaqin kunlarda Eron bilan muzokaralarning ikkinchi raundi o‘tkazilishi mumkinligini bildirdi.

Shu bilan birga, Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) vaziyatning har qanday keyingi eskalatsiyasi global iqtisodiyotni retsessiya girdobiga uloqtirishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Erondagi vaziyat

  • Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlari federatsiyasi urush boshlangandan beri ilk bor Eronga tibbiy buyumlar va insonparvarlik yordami yuklangan karvon kirib borganini ma’lum qildi.

  • AQSH Eron nefti uchun imtiyozni tugatadi: AQSH Moliya vazirligi dengizda qolib ketgan Eron neftini sotishga imkon beruvchi vaqtinchalik sanksiyalardan ozod qilish tartibini uzaytirmasligini bildirdi. Ushbu imtiyoz muddati yaqin kunlarda tugaydi.

  • Tehron ichidagi keskinlik: Poytaxtda sodir bo‘lgan kichik portlashlar cheklangan vayronagarchilik va jarohatlarga sabab bo‘ldi. Bu Tehronda beqarorlik davom etayotganidan dalolat beradi.

  • Iqtisodiy zarar ortib bormoqda: Eron urush tufayli ko‘rilgan zararni 270 milliard dollar deb baholamoqda va tovon puli talab qilishni rejalashtirmoqda.

  • Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) bosh direktori Rafael Grossining «Reuters» agentligiga ma’lum qilishicha, AQSH bilan bo‘lajak kelishuv doirasida Eron amal qilishi kerak bo‘lgan uranni boyitish bo‘yicha moratoriy muddatini belgilash — bu faqat siyosiy qarordir.

Urush diplomatiyasi

  • AQSH vositachiligidagi muzokaralar: Livan va Isroil elchilari Vashingtonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashdi. Bayrut o‘t ochishni to‘xtatishga intilayotgan bir paytda, Isroil «Hizbulloh»ni qurolsizlantirish talabini ilgari surmoqda.

  • Eron-AQSH muzokaralari tiklanishi mumkin: Tramp Eron bilan muzokaralar «bir necha kun ichida» Pokistonda qayta boshlanishi mumkinligini aytdi. Biroq uranni boyitish masalasi hali ham asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda: AQSH mazkur jarayonni 20 yilga muzlatishni talab qilayotgan bo‘lsa, Eron 5 yillik muddatni ilgari surmoqda. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha bahslar ham davom etmoqda.

AQSHdagi vaziyat

  • AQSH qamali Trampga bo‘lgan bosimni oshirmoqda: AQSH mudofaa vazirligining sobiq mulozimi Devid Sednining fikricha, Eron Trampning «po‘pisasiga e’tibor bermagan». Uning ta’kidlashicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi qamal Vashington uchun aks ta’sir ko‘rsatmoqda, chunki global hamkorlar katta zarar ko‘rmoqda, AQSH ichida esa urushni qo‘llab-quvvatlash susaymoqda.

  • AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) rahbari admiral Bred Kuper Eron portlarini qamal qilish to‘liq amalga oshirilganini va AQSH kuchlari Yaqin Sharqda dengiz ustunligini saqlab qolayotganini ma’lum qildi.

  • AQSH prezidenti o‘zining eng yaqin ittifoqchilaridan biri — Italiya bosh vaziri Jorjiya Melonini AQSHning Eronga hujumiga qo‘shilmagani uchun «jur’atsizlik»da ayblab, keskin tanqid qildi. «Men undan hayratdaman. Uni jasur deb o‘ylagandim, lekin adashgan ekanman», — dedi AQSH prezidenti Italiyaning «Corriere della Sera» gazetasiga bergan intervyusida.

  • AQSH moliya vaziri Skott Bessent Vashington Ho‘rmuz bo‘g‘ozida Eron neftini tashiyotgan Xitoy tankerlarini to‘sib qo‘yishini bildirdi. «Ular o‘z neftini ololmaydi. Boshqa neftni olishlari mumkin, lekin Eron neftini emas», — dedi Bessent.

Isroildagi vaziyat

·         Isroil Livanda uzoq muddatli ishtirokni taklif qilmoqda: Isroil ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, «Hizbulloh» butkul yo‘q qilinguniga qadar Isroil qo‘shinlarini Livan janubida — mamlakat ichkarisiga 8 kilometrgacha bo‘lgan hududda uzoq muddatga joylashtirish taklif etilmoqda.

  • Davom etayotgan harbiy tajovuz: Isroil Livan janubiga havo zarbalari berishni davom ettirmoqda. Xususan, ramziy va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Bint-Jbayl shaharchasini qurshovga olishga asosiy e’tibor qaratilgan.

  • Eron masalasida AQSH bilan ustuvorliklarning farqlanishi: AQSH davlat kotibining sobiq yordamchisi Jeffri Feltman Eron urushi bo‘yicha AQSH va Isroil o‘rtasidagi tafovut ortib borayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil Eronning ballistik raketa dasturidan AQSHga qaraganda ancha ko‘proq xavotirda, bu esa strategik qarashlarda bo‘linishni keltirib chiqarmoqda.

  • Italiya bilan munosabatlardagi inqiroz: Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni Italiya fuqarolik jamiyatining kuchli bosimi ostida Isroil bilan uzoq yillik mudofaa kelishuvini avtomatik ravishda uzaytirishni to‘xtatib qo‘ydi. Isroil oppozitsiyasi yetakchisi Yair Lapid bosh vazir Binyamin Netanyaxu va Tashqi ishlar vaziri Gideon Saarni ushbu muvaffaqiyatsizlik uchun keskin tanqid qilib, buni Isroilning ittifoqchilari bilan manfaatlarini himoya qilishdagi navbatdagi «sharmandali mag‘lubiyat» deb atadi.

Livandagi vaziyat

·         Isroil hujumlari davom etmoqda: Livanning rasmiy Milliy axborot agentligi (NNA) xabariga ko‘ra, mamlakat janubidagi Qadmus hududida Isroil hujumlaridan so‘ng fuqarolik mudofaasi guruhlari va tibbiyot xodimlari to‘rt kishining jasadini olib chiqishgan. Shuningdek, Livan janubidagi Ansoriya shaharchasida sodir bo‘lgan Isroil havo hujumi oqibatida besh kishi halok bo‘lgan.

·         «Hizbulloh» raketalar otmoqda: Isroilning «Channel 12» telekanali xabariga ko‘ra, 15 aprel kuni ertalab Livandan Isroil shimolidagi Jalila hududiga 20 ta raketa uchirilgan.

·         Livanda turlicha munosabatlar: Isroil–Livan muzokaralariga nisbatan jamoatchilik fikri bir xil emas: ba’zilar tinchlikdan umid qilayotgan bo‘lsa, boshqalar 2100 dan ortiq kishi halok bo‘lganidan keyin Isroil bilan har qanday muloqotni keskin rad etmoqda. «Hizbulloh» guruhi muzokaralarda ishtirok etishdan bosh tortgan.

·         Livan qishloqlari xuddi G‘azodagidek vayron qilinmoqda: Isroil askarlari «Haaretz» gazetasiga bergan intervyusida Isroil armiyasi Livan janubidagi qishloqlarni «G‘azo sektorida qo‘llanilgan usullarga o‘xshash tarzda» yer bilan yakson qilayotganini ma’lum qilgan.

·         Fuqarolik infratuzilmasi nishonga olinmoqda: Havo zarbalari uy-joylar, ekin maydonlari va muhim infratuzilma obyektlariga, jumladan, Tebnindagi oxirgi ishlab turgan shifoxonaga ham zarar yetkazgan. Qurbonlar soni ortib borayotgan bir paytda, tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi o‘ta og‘ir bosim ostida qolmoqda.

Global iqtisodiyot

·         XVJ global retsessiyadan ogohlantirmoqda: Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) Eron bilan urushning yanada avj olishi va neft bozorlaridagi davomli uzilishlar dunyoni retsessiya yoqasiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

·         XVJ mintaqa bo‘yicha prognozlarni pasaytirdi: Jamg‘arma Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlari uchun 2026 yilgi iqtisodiy o‘sish prognozini avvalgi 3,9 foizdan 1,1 foizgacha tushirdi. Bunga Fors ko‘rfazidagi neft va gaz eksportida urush tufayli yuzaga kelgan uzilishlar asosiy sabab qilib ko‘rsatilgan.

·         Birjalarda ko‘tarilish, neft narxida pasayish: 14-aprel kuni Yaqin Sharqdagi urushni tugatish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha kelishuvga erishish umidlari qayta uyg‘ongani fonida fond bozorlarida jonlanish kuzatildi, neft narxlari esa biroz pasaydi.

 

Teglar

Mavzuga oid