AQSH «Green card» uchun yangi cheklovlarni joriy etmoqda
Endi AQSH'da vaqtinchalik yashab turgan chet el fuqarolari «Green card» uchun hujjatlarni mamlakat ichida emas, balki o‘z vatanidagi Amerika elchixonasi orqali topshirishi shart bo‘ladi.

AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmati yangi siyosat joriy etilganini ma’lum qildi. Yangi tartibga ko‘ra, mamlakatda vaqtincha yashab turgan xorijliklar endi faqat istisno holatlardagina AQSH hududining o‘zida maqomini o‘zgartirib, doimiy yashash huquqini olishi mumkin.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, doimiy yashash maqomi uchun murojaat qiluvchilarning asosiy qismi endi hujjatlarni AQSH tashqarisidagi konsullik muassasalari orqali rasmiylashtirishi talab qilinadi. Shuningdek, yangi yondashuv immigratsiya qonunchiligining dastlabki maqsadlariga mos kelishi hamda mavjud tizimdagi bo‘shliqlardan foydalanish holatlarini qisqartirishga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.
Idora vakili Zak Kellerning aytishicha, AQSHda vaqtincha bo‘lib turgan xorijliklar favqulodda holatlardan tashqari hollarda ariza berish uchun o‘z davlatlariga qaytishi kerak bo‘ladi.Uning ta’kidlashicha, avvalgi tizim ayrim holatlarda muammolarni keltirib chiqargan. Xususan, AQSH ichida «Green card» rasmiylashtirish bo‘yicha rad javobini olgan ba’zi shaxslar mamlakat hududida noqonuniy qolib ketgan.
Yangi qoidalar asosan noimmigratsion vizalar egalari — talabalar, sayyohlar va vaqtinchalik ishchilarga taalluqli bo‘ladi.
Shu bilan birga, maqomni o‘zgartirish bo‘yicha qarorlar har bir holat yuzasidan alohida ko‘rib chiqiladi. Fuqarolik va immigratsiya xizmati xodimlari har bir murojaatning barcha jihatlarini baholashi belgilangan.





