AQSH–Isroil–Eron urushi: 29-kungi voqealar

Bugun 12:405 daqiqa

Yaqin Sharqdagi urush 29-kunda keskinlashdi, harbiy va iqtisodiy xavflar ortib bormoqda.

AQSH–Isroil–Eron urushi: 29-kungi voqealar

Prezident Donald Tramp AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushiga nisbatan NATOning tutgan pozitsiyasidan norozi ekanini ma’lum qildi. U Vashingtonning uzoq yillar davomida ittifoqchilar xavfsizligi uchun sarflagan ulkan mudofaa xarajatlariga qaramay, alyans tomonidan yetarli darajada qo‘llab-quvvatlanmayotganini ta’kidlab, bundan «juda hafsalasi pir bo‘lganini» aytdi.

Eron Isroilning yadroviy va sanoat obyektlariga hujumlari uchun «og‘ir badal» talab qilishini e’lon qildi.Tehron energiya infratuzilmasini nishonga olish orqali Vashington va Tel-Avivni «olov bilan o‘ynashayotganlikda» aybladi. Shu bilan birga, Eron tomoni ikkita yadroviy obyektga berilgan zarbalardan keyin hech qanday radioaktiv moddalar sizib chiqishi holati kuzatilmaganini va vaziyat nazorat ostida ekanini ma’lum qildi. 

Ushbu ogohlantirishlar Yaqin Sharq bo‘ylab jangovar harakatlar va keskinlik kuchayib borayotgan, shuningdek, keng miqyosdagi mojaro kelib chiqishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ortayotgan bir paytda yangramoqda.

Erondagi vaziyat

·         Isroil Tehronga zarba berdi: Isroil harbiylari 28-mart kuni erta tongda Eronning strategik obyektlariga hujumlar uyushtirganini ma’lum qildi.

·         Eron bilan muzokaralar: AQSH elchisi Stiv Uitkoff shu hafta Eron bilan uchrashuvlar o‘tkazilishini va Tehronning 15 banddan iborat tinchlik rejasiga javobini kutayotganini ta’kidladi.

·         Eron zavodlarga qilingan zarbalar uchun «og‘ir tovon» undirishga va’da bermoqda: Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy yadroviy obyektlar va mamlakatning ikkita eng yirik po‘lat zavodiga qilingan hujumlardan so‘ng, Tehron «Isroilning jinoyatlari uchun og‘ir tovon» talab qilishini aytdi.

·         Rossiya Eronga sun’iy yo‘ldosh razvedkasi orqali yordam bermoqda: Kosmik dasturlar bo‘yicha ekspertning so‘zlariga tayanib, «Al-Jazeera»ning xabar berishicha, Eron AQSH harbiy obyektlari haqidagi ma’lumotlarni Rossiyaning «Liana» josuslik sun’iy yo‘ldosh tizimidan olayotgan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Urush diplomatiyasi

·         Tramp Ҳўрмuз masalasida NATOni tanqid qildi: AQSH prezidentining ta’kidlashicha, Vashington ittifoqchilar xavfsizligi uchun «yuz milliardlab» dollar sarflayotgan bo‘lsa-da, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi kabi strategik muhim hududlarda NATO vakillari ko‘mak berishdan qochmoqda.

«Men har doim NATOni qog‘ozdagi yo‘lbars deb kelganman. Va doimo biz NATOga yordam beramiz, lekin ular bizga hech qachon yordam bermaydi, deganman», — dedi Tramp.

·         Pokistondagi ehtimoliy uchrashuv: Turkiya rasmiylarining ma’lum qilishicha, Islomobod Eron va AQSH o‘rtasidagi keskinlikni yumshatish uchun faol vositachilik qilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, dam olish kunlari Pokistonda Saudiya Arabistoni, Misr va mezbon davlat vakillari ishtirokida yuqori darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

·         BMTning yadroviy nazorat organi «vazminlikka» chaqirdi: Xalqaro atom energiyasi agentligi Isroil Eronning ikkita yadroviy obyektiga, jumladan, uranni qayta ishlash zavodiga zarba berganidan so‘ng, Yaqin Sharqdagi urushda tomonlarni yana bir bor «vazminlikka» chaqirdi.

·         «Rejim o‘zgarishi» dargumon: Urush Eronda «rejim o‘zgarishi»ga olib kelishi dargumon, dedi Germaniya kansleri Fridrix Mers.

«Agar maqsad shu bo‘lsa, o‘ylaymanki, bunga erisha olmaysiz. Avvalgi mojarolarda bu ko‘pincha noto‘g‘ri yakun topgan», — dedi u Afg‘onistondagi urushga ishora qilib.

Ko‘rfaz mintaqasidagi vaziyat

·         Saudiya Arabistoni raketani urib tushirdi: Saudiya Arabistoni poytaxt Ar-Riyodga yo‘naltirilgan raketani «tutib olgani va yo‘q qilganini» ma’lum qildi. 27-mart kuni «The Associated Press» va «Reuters» axborot agentliklarining xabar berishicha, Eronning qirollikdagi havo bazasiga qilgan hujumi oqibatida kamida 12 nafar AQSH harbiy xizmatchisi yaralangan, ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir.

·         Birlashgan Arab Amirliklari: BAA Mudofaa vazirligi havo hujumidan mudofaa tizimlari va qiruvchi samolyotlar Erondan kelayotgan raketalar hamda dronlarni urib tushirganini xabar qildi.

AQSHdagi vaziyat

·         AQSH urushni «sanoqli haftalar» ichida yakunlamoqchi: AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Vashington Erondagi urush maqsadlarini «kelasi bir necha hafta ichida» yakunlashini va Eronni «zaifroq» holatda qoldirishini aytdi.

·         AQSH askarlari yaralandi: AQSH Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri 300 dan ortiq amerikalik askar yaralangan.

Isroildagi vaziyat

·         To‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumlar: Isroil bir necha frontlardan kelayotgan jiddiy hujumlarga duch kelmoqda. Eron tomonidan uchirilgan raketalar seriyasi Tel-Avivdagi gavjum savdo ko‘chalaridan biriga kelib tushdi.

·         Isroil favqulodda xizmatlarining ma’lum qilishicha, 27-mart kuni Tel-Avivda bir erkak halok bo‘lgan. Harbiylar Erondan raketalar uchirilganini xabar qilgach, butun mamlakat bo‘ylab yana bir necha kishi yaralangani ma’lum bo‘ldi.

Neft, oziq-ovqat va gaz inqirozi

·         BMT global gumanitar inqirozga qarshi maxsus ishchi guruh tashkil etdi: Birlashgan Millatlar Tashkiloti dengiz savdo yo‘llaridagi uzilishlar global qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligiga halokatli ta’sir ko‘rsatishidan ogohlantirdi. Yangi tuzilgan ishchi guruhning asosiy vazifasi — Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘g‘itlar va muhim xom ashyo tashuvchi kemalarning xavfsiz va uzluksiz o‘tishini ta’minlash orqali kutilayotgan gumanitar inqirozning oldini olishdan iborat.

·         Misr biznes uchun komendantlik soati joriy qilmoqda: Erondagi urush oqibatida energiya xarajatlarining ikki barobardan ziyod oshishi Misr iqtisodiyotini keskin choralar ko‘rishga majbur qildi. 28-martdan e’tiboran, mamlakat bo‘ylab energiya iste’molini jilovlash maqsadida do‘konlar, restoranlar va savdo markazlari mahalliy vaqt bilan soat 21:00 da o‘z faoliyatini to‘xtatishi belgilandi.

·         Efiopiyada tungi navbatlar: Urush oqibatida yuzaga kelgan tanqislik o‘z ta’sirini ko‘rsata boshlagach, ko‘plab efiopiyaliklar benzin uchun soatlab navbat kutib, o‘z avtomobillarida tunab qolishga majbur bo‘lmoqda.

·         Choy eksporti to‘xtab qoldi: Davom etayotgan urush harakatlari sababli Keniyaning Mombasa bandargohida qiymati 24 million dollarga teng 8 ming tonnagacha choy mahsuloti qolib ketdi. 28-fevralda boshlangan urush Sharqiy Afrika choy bozorining qariyb 65 foiziga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Bunga urushning Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa o‘rtasidagi asosiy savdo yo‘llari hisoblangan Qizil dengiz va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi kema qatnovlarini izdan chiqarayotgani sabab bo‘lmoqda.

Teglar

Mavzuga oid