
AQSH «Lukoil» aksiyalarini xorijdagi aktivlariga almashtirish bo‘yicha sxemaga to‘siq qo‘ydi
AQSH Moliya vazirligi «Lukoil» aksiyalarini uning xorijiy aktivlariga almashtirish rejasini rad etib, sanksiyalar doirasida bitimni taqiqladi.

AQSH Moliya vazirligi amerikalik investorlar guruhining «Lukoil»ning xorijiy aktivlarini sotib olish bo‘yicha taklifini ma’qullamadi. Reuters manbalarining xabar berishicha, guruhga boshchilik qilgan Xtellus Partners banki AQSHda joylashgan «Lukoil» aksiyalarini kompaniyaning tashqi aktivlariga almashtirish orqali bitimni amalga oshirishni rejalashtirgan, deb yozmoqda The Moscow Times nashri.
Xtellus ushbu aktivlar uchun Exxon Mobil, Chevron, BAAdagi International Holding Company, Vengriyaning MOL hamda amerikalik Carlyle kompaniyasi bilan raqobatlashgan. Gap Bolgariya, Ruminiya va Niderlandiyadagi neft qayta ishlash zavodlari, Yevropa va boshqa mintaqalardagi 2 mingtaga yaqin AZS, shuningdek, Ozarboyjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Iroq, Misr, BAA, Lotin Amerikasi va Afrikadagi qazib chiqarish aktivlari haqida bormoqda.
Xtellus taklifiga ko‘ra, amerikalik investorlar qo‘lidagi «Lukoil» aksiyalari xorijiy aktivlarga almashtirilib, keyinchalik ushbu aksiyalar yana Rossiya neft gigantiga qaytarilishi kerak edi. Biroq AQSH Moliya vazirligi sanksiyalar ostidagi qimmatli qog‘ozlardan foydalangan holda bunday operatsiya o‘tkazish mumkin emasligini ma’lum qildi.
Endilikda investorlar qarori yuqori darajada qayta ko‘rib chiqilishini talab qilmoqchi va maxsus litsenziya olish uchun qayta ariza topshirishni rejalashtirmoqda. Biroq manbalarga ko‘ra, AQSH rasmiylarining pozitsiyasi juda qat’iy bo‘lib qolmoqda.
AQSH oktabr oyida «Lukoil»ga nisbatan bloklovchi sanksiyalar joriy etgan va kompaniyaga xorijiy aktivlarini sotish uchun dastlab 21-noyabrgacha muddat bergan edi. Keyinchalik bu sana 13-dekabrga, so‘ngra 2026 yil 17-yanvargacha uzaytirildi. Agar belgilangan muddatga qadar kelishuvga erishilmasa, «Lukoil»ning tashqi aktivlari mahalliy hokimiyatlar tomonidan musodara qilinishi xavfi mavjud.
Avvalroq O‘zbekiston «Lukoil»ga kiritilgan sanksiyalari yuzasidan qanday ish olib borayotgani haqida xabar bergan




