add

AQSH Maduro hokimiyatini ag‘darish uchun 3 soatu 20 daqiqa sarfladi

03.01.2026 | 16:022 daqiqa

Tungi harbiy operatsiyadan keyin Maduroning qo‘lga olinganligi haqidagi bayonot Venesueladagi uzoq yillik hokimiyat inqirozini yangi bosqichga olib chiqdi.

AQSH Maduro hokimiyatini ag‘darish uchun 3 soatu 20 daqiqa sarfladi

AQSH prezidenti Donald Tramp Venesuelada tun davomida amalga oshirilgan harbiy zarbalar natijasida mamlakat rahbari Nikolas Maduro qo‘lga olinganini e’lon qildi. Uning aytishicha, operatsiya muvaffaqiyatli yakunlangan va Maduro rafiqasi bilan birga Venesuela hududidan olib chiqilgan. Tramp bu haqda Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Bayonotda AQSH Venesuelaga qarshi keng ko‘lamli zarba bergani, amaliyot AQSH huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgani ta’kidlangan. Prezident qo‘shimcha tafsilotlar Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohida o‘tkaziladigan matbuot anjumanida ma’lum qilinishini aytgan.

Reuters agentligiga ma’lum qilgan AQSH rasmiylariga ko‘ra, Maduro elita Delta Force maxsus bo‘linmalar tomonidan qo‘lga olingan. Vashington so‘nggi yillarda Venesuela rahbarini narkotrafikni qo‘llab-quvvatlash, davlatni «narko-davlat» sifatida boshqarish va saylovlarni soxtalashtirishda ayblab kelgan.

Venesuelaga bo‘lgan hujum AQSHning Lotin Amerikasida 1989 yilda Panamaga kiritilgan harbiy amaliyotdan beri eng ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuvi sifatida baholanmoqda.

O‘shanda Panama yetakchisi Manuel Norega hokimiyatdan ag‘darilgan edi.

Venesuela hukumati Maduroning qo‘lga olingani haqida rasmiy tasdiq bermadi.

Biroq mamlakat mudofaa vaziri Vladimir Padrino davlat televideniyesida chiqish qilib, xorijiy qo‘shinlar harakatini keskin qoraladi. U Venesuela suveren va mustaqil davlat ekanini ta’kidlab, aholini birlashish va qarshilik ko‘rsatishga chaqirdi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, mazkur voqea Venesueladagi ichki siyosiy inqirozni yanada chuqurlashtirishi, shuningdek, mintaqada geosiyosiy keskinlikni kuchaytirishi mumkin. Dunyodagi eng yirik neft zaxiralariga ega bo‘lgan Venesuela atrofidagi bu beqarorlik xalqaro energetika bozorlariga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimol qilinmoqda.

Teglar

Mavzuga oid