
AQSH Maduroga nisbatan rasmiy ayblov qo‘ydi
AQSH adliyasi Venesuela rahbarini narkoterrorizm va xalqaro jinoyatlar bilan bog‘liq ishda ayblab, ishni sudga oshirdi.

AQSH adliya organlari Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresga nisbatan Nyu York janubiy okrugi federal sudida rasmiy ayblov qo‘yilganini e’lon qildi. Ayblovlar narkoterrorizm, AQSH hududiga kokain kontrabandasi va qurol hamda portlovchi qurilmalarni saqlash bilan bog‘liq.
AQSH Bosh prokurori Pem Bondining ma’lum qilishicha, Maduro AQSH xavfsizligiga qarshi qaratilgan jinoiy harakatlarda ishtirok etgani gumon qilinmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur ish xalqaro narkotrafikka qarshi kurash doirasida olib borilgan va ayblanuvchilar Amerika sudlari oldida javob berishi kerak.
Bondi ta’kidlashicha, operatsiya AQSH harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarining muvofiqlashtirilgan harakatlari natijasida amalga oshirilgan. U shuningdek, ushbu qarorni qo‘llab-quvvatlagani uchun AQSH prezidenti Donald Trampga minnatdorlik bildirdi.
3-yanvarga o‘tar kechasi AQSH qo‘shinlari Venesuela poytaxti Karakasda joylashgan bir qator strategik ob’ektlarga, jumladan, aviatsiya va harbiy bazalarga zarbalar bergani ma’lum qilindi. Oq uy bu harakatlarni «keng ko‘lamli operatsiya» deb baholadi. Shuningdek, Maduro va uning rafiqasi qo‘lga olinib, mamlakat hududidan olib chiqilgan.
Ma’lumot uchun, AQSH hukumati 2020 yilda ham Maduroga nisbatan narkoterrorizm bo‘yicha sirtdan ayblov e’lon qilgan edi. 2025 yil avgust oyida esa AQSH Davlat departamenti uni hibsga olish uchun belgilangan mukofot miqdorini 50 million dollargacha oshirgan.
Bu voqea Venesueladagi siyosiy inqiroz va AQSH–Venesuela munosabatlarida keskinlik yanada chuqurlashayotganidan dalolat beradi.





