AQSH «Pfizer» va boshqa farmatsevtika gigantlarini tergov qilmoqda
Mazkur korporatsiyalar Xitoyda o‘tkazilgan va ushbu davlatning harbiy salohiyatini oshirishga xizmat qilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan klinik sinovlarga aloqadorlikda gumon qilinmoqda.
© Foto: reutersAQSH qonun chiqaruvchilarining ikki partiyaviy guruhi beshta yirik farmatsevtika kompaniyasi, jumladan «Merck» va «AbbVie» faoliyati ustidan milliy xavfsizlikka oid tergov boshladi. Ushbu kompaniyalar Xitoyda o‘tkazilgan va mamlakatning harbiy salohiyatini oshirishga yordam bergan bo‘lishi mumkin bo‘lgan klinik sinovlarga aloqadorlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda «Reuters» agentligi xabar berdi.
Xitoy bo‘yicha maxsus qo‘mita raisi Jon Mulenar boshchiligidagi qonun chiqaruvchilar kompaniyalarga yo‘llagan maktublarida 17-iyulga qadar Xitoydagi sinov maydonchalarida, xususan, Shinjon mintaqasi va harbiy kasalxonalarda ma’lumotlarni himoya qilish jarayonlari hamda boshqa standartlar haqida batafsil ma’lumot berishni talab qilgan. Qo‘mita shuningdek, «Eli Lilly», «Pfizer» va «Bristol Myers Squibb» kompaniyalariga ham xuddi shunday maktublar yuborgan.
Xat ortidan fond birjalarida «Lilly», «Pfizer», «Merck» va «Bristol Myers» aksiyalari qariyb 2 foizga, «AbbVie» aksiyalari esa 1 foizga arzonlashgan.
Axloqiy xavflar va intellektual mulk xavfsizligi
Maktublarda Shinjon mintaqasida uyg‘urlar va boshqa ozchilik millatlarga qarshi harakatlar mavjudligi va Xitoy harbiy kasalxonalarida tadqiqot o‘tkazish Amerika kompaniyalarining ilg‘or biotexnologiyalariga oid intellektual mulki Xitoy harbiylari ixtiyoriga o‘tib ketishi xavfini yaratishi ta’kidlangan.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, «Merck» 2005 yildan beri Xitoyda 224 ta klinik tadqiqotga homiylik qilgan yoki hamkorlik qilgan, shulardan kamida 31 tasi Shinjonda va 40 tasi harbiy shifoxonalarda o‘tkazilgan. «AbbVie» esa 2007 yildan beri 100 dan ortiq tadqiqotda ishtirok etgan bo‘lib, ularning 17 tasi Shinjonda, 16 tasi harbiy markazlarda amalga oshirilgan.
Ushbu holat yuzasidan «Merck» kompaniyasi bemorlar xavfsizligi va axloqiy yaxlitlik ularning klinik tadqiqotlarida ustuvor ahamiyatga ega ekanini va barcha global ko‘rsatmalarga amal qilishini ma’lum qildi. «Pfizer» xat olganini tasdiqladi, «AbbVie» esa izoh berishdan bosh tortdi. «Bristol» va «Lilly» hozircha so‘rovlarga javob bermagan.
Xitoyning AQSHdagi elchixonasi vakili qo‘mitaning xatti-harakatlarida asosli hech narsa yo‘qligini va Pekin savdo hamda texnologiya masalalarini siyosiylashtirishga qarshi ekanini bildirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda Xitoy klinik sinovlar hajmi bo‘yicha AQSHni ortda qoldira boshlagan. 2024 yilga kelib, yangi dori-darmonlarni ishlab chiqish bo‘yicha global dasturlarda AQSHning ulushi 48 foizdan 37 foizgacha tushgan bo‘lsa, Xitoyning ulushi 8 foizdan 32 foizgacha o‘sgan.





