
AQSH Venesuelaga hujum qildi: Karakasda portlashlar, favqulodda holat joriy etildi
3-yanvar tongda Venesuela poytaxti Karakasda portlash va kuchli shovqinlar kuzatilgan, ayrim hududlar elektrsiz qolgan.

2026 yil 3-yanvar kuni tong soatlarida AQSH Qo‘shma Shtatlari Venesuela hududiga aviazarbalar bergani haqida xabarlar tarqaldi. Reuters agentligi va mahalliy manbalarga ko‘ra, Venesuela poytaxti Karakas shahrida bir necha kuchli portlash ovozlari eshitilgan, osmonda tutun ustunlari kuzatilgan va poytaxt uzra havo himoya tizimlari ishga tushirilgan.
Mahalliy aholi ma’lum qilishicha, asosiy zarbalar Karakasning janubiy qismiga to‘g‘ri kelgan. Xususan, Fort-Tiuna harbiy hududi hamda generalissimus Fransisko de Miranda nomidagi aviabaza atrofida portlashlar kuzatilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxt hududida kamida o‘nga yaqin harbiy va strategik ob’ektlar nishonga olingan. Shu bilan birga, mamlakat shimolida joylashgan Vargas shtatidagi La-Guayra harbiy-dengiz bazasi ham zarbaga uchragani aytilmoqda.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Karakas osmonida AQSHga tegishli desant vertolyotlari paydo bo‘lgan. Xususan, og‘ir yuk tashishga mo‘ljallangan “Chinuk” turidagi vertolyotlar harakati qayd etilgan. Bunga javoban Venesuela Harbiy-havo kuchlari havo hujumi xavfi e’lon qilib, Su-30MKV qiruvchi samolyotlarini favqulodda ravishda havoga ko‘targan.
Ular AQSH samolyot va vertolyotlarini to‘xtatish hamda havo hududini himoya qilish uchun yo‘naltirilgan.
Shu paytgacha AQSH prezidenti Donald Tramp Venesuelaga nisbatan maxsus harbiy operatsiya boshlangani haqida rasmiy bayonot bermadi.
Reuters qayd etishicha, Oq uy va Pentagon ham hodisalar yuzasidan izoh berishdan tiyilib turibdi. Biroq bu voqealar so‘nggi oylarda Vashington tomonidan Venesuelaga nisbatan bosim kuchaytirilishi fonida yuz bermoqda.
AQSH ma’muriyati avvalroq Venesuela prezidenti Nikolas Maduro hukumatini hokimiyatdan ketishga majburlash maqsadida sanksiyalarni kengaytirish, mintaqada harbiy huzurni oshirish va narkotrafikka qarshi operatsiyalarni faollashtirishini bir necha bor ma’lum qilgan edi.
Shuningdek, Tinch okeani va Karib dengizida Venesuela bilan bog‘liq deb hisoblangan kemalarga nisbatan o‘nlab harbiy zarbalar berilgani haqida ham axborot tarqalgan.
Karakasdagi so‘nggi aviazarbalar ortidan ayrim tumanlarda elektr ta’minoti uzilgani, aholi o‘rtasida xavotir kuchaygani xabar qilinmoqda. Rasmiy Karakas hozircha qurbonlar yoki zarar ko‘lami haqida aniq ma’lumot bermadi.





