AQSHda Rossiyaga qarshi «do‘zax» sanksiyalari e’lon qilindi
Ta’qiq qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan shaxslar qatoriga Rossiya prezidenti va boshqa yuqori martabali amaldorlari kiritilgan.

Oq uy matbuot xizmatining xabar berishicha, mazkur hujjat Rossiyaga nisbatan qonuniy sanksiyalar, tariflar va boshqa turdagi taqiqlarni joriy etish hamda kengaytirish vakolatlarini belgilab beradi. Shuningdek, u Eronga qarshi amaldagi sanksiyalar muddatini ham uzaytiradi.
AQSH hukumati tomonidan e’lon qilingan qonunning yakuniy matnida Rossiyaga qarshi ko‘riladigan choralar alohida bo‘lim sifatida joy olgan.
Xususan, hujjatda amaldorlar, Rossiya hukumatiga aloqador yoki uni qo‘llab-quvvatlovchi ayrim shaxslar, shuningdek, moliya institutlari va energetika sohasiga nisbatan tegishli choralar ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Rossiya nefti va gazini tashishda qatnashayotgan kemalar hamda sanksiyalarni aylanib o‘tishga ko‘maklashayotgan xorijiy shaxslar ham ushbu cheklovlar ta’siriga tushadi.
Rossiya amaldorlari va ayrim oligarxlarga qarshi sanksiyalar
Qonunga ko‘ra, hujjat kuchga kirganidan so‘ng prezident 30 kun ichida Rossiya hukumatiga aloqador ayrim shaxslar va kemalar ro‘yxatini ko‘rib chiqishi hamda qonunda belgilangan toifalarga kiruvchilarga nisbatan sanksiyalar joriy etishi lozim. Bunday tekshiruv jarayoni har 180 kunda muntazam o‘tkazib boriladi.
Mazkur qonunda sanksiya qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan shaxslar qatoriga Rossiya prezidenti, bosh vaziri, shuningdek, mudofaa, tashqi ishlar, transport, moliya, sanoat va savdo, energetika hamda qishloq xo‘jaligi vazirlari kabi yuqori lavozimli amaldorlar kiritilgan. Shu bilan birga, ayrim rossiyalik oligarxlar ham ushbu cheklovlar doirasiga tushishi mumkin.
Yangi hujjatda xorijiy shaxslarga nisbatan ham tegishli sanksiyalar nazarda tutilgan. Xususan, Rossiya mudofaa sanoati uchun muayyan tovar yoki xizmatlarni ataylab yetkazib bergan, Rossiya qurolli kuchlari bilan yirik operatsiyalarni amalga oshirgan yoxud AQSH sanksiyalarini aylanib o‘tishga ko‘maklashgan xorijliklar ham shunday qat’iy choralarga duch kelishi belgilab qo‘yilgan.
Rossiya nefti va gazini sotib oluvchi davlatlarga 100 foizgacha boj
Yana bir muhim band Rossiya nefti yoki gazini sotib oluvchi ayrim xorijiy davlatlarga taalluqli.
Qonun loyihasi Trampga Rossiya neft va gazining eng yirik beshta xaridoriga, xususan, Xitoy va Hindistonga 100 foizgacha bojlarni undirish bo‘yicha keng vakolatlar beradi.
2022-yil dekabrdan 2026-yil avgustgacha Rossiya xom neft eksportining 50 foizi Xitoy, 37 foizi Hindiston hissasiga to‘g‘ri kelgan. Turkiya va Yevropa Ittifoqining ulushi esa 5 foizdan bo‘lgan.
«Soya floti» ham nishonga olindi
Qonun Rossiya nefti, gazi va boshqa mahsulotlarini sanksiyalarni chetlab o‘tish maqsadida tashishda foydalaniladigan xorijiy kemalarga ham taalluqli.
Jumladan, Rossiya neft va gazini tashishda qo‘llanadigan, sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam beradigan, yetarli dengiz sug‘urtasiga ega bo‘lmagan yoki neft uchun belgilangan narx chegarasini aylanib o‘tayotgan kemalar qonunda nazarda tutilgan sanksiyalar doirasiga kirishi mumkin.
Bunday kemalarning egalari, operatorlari va ularga sug‘urta xizmatlari ko‘rsatuvchi ayrim xorijiy shaxslar ham sanksiyaga tushadi.
Rossiya tovarlariga 500 foizgacha boj
Qonunning eng keskin bandlaridan biri Rossiyadan AQSHga import qilinadigan tovarlarga tegishli.
Hujjatning 112-moddasiga ko‘ra, prezident qonun kuchga kirganidan keyin 30 kundan kechiktirmay Rossiyadan AQSHga olib kiriladigan barcha tovarlar uchun boj stavkasini 500 foizgacha oshirishi kerak.
Bu ro‘yxatga neft, tabiiy gaz, suyultirilgan tabiiy gaz, neft mahsulotlari, neft-kimyo mahsulotlari, ko‘mir va boshqa tovarlar ham kiritilgan. Qonunda bu boj boshqa amaldagi boj, yig‘im va soliqlarga qo‘shimcha ravishda qo‘llanishi mumkinligi ham ko‘rsatilgan.
