
AQSHda UPS aviakompaniyasiga tegishli yuk samolyoti halokatga uchradi
UPS aviakompaniyasining MD-11 samolyoti Kentukki shtatidagi Luisvill aeroportida uchayotib qulagan. Samolyot sahnida uch nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.

AQSHning Kentukki shtatida joylashgan Luisvill xalqaro aeroporti yaqinida UPS aviakompaniyasining yuk samolyoti halokatga uchradi. Bu haqda AQSH Federal fuqarolik aviatsiya boshqarmasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, reys raqami 2976 bo‘lgan MD-11 samolyoti yerdan ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay, mahalliy vaqt bilan 17:15 atrofida qulagan. Samolyot Havai shtati poytaxti Honoluluga yo‘nalgan bo‘lgan, deb yozadi CBS News. Unda uch nafar ekipaj a’zosi bo‘lgani aytilmoqda.
Luisvill aeroporti UPS’ning asosiy xalqaro logistika markazi — Worldport xabi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, hodisa joyida jabrlanuvchilar bor, ammo ularning soni va ahvoli haqida aniq ma’lumot berilmagan.
Hozircha aeroport vaqtincha yopilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda halokat joyidan chiqayotgan qo‘ng‘ir-qora tuman va olov izlari ko‘zga tashlanadi. UPS kompaniyasi voqeani tasdiqladi, ammo halok bo‘lganlar yoki tirik qolganlar haqida rasmiy ma’lumot hali berilmagan, deb xabar berdi Reuters.
Ma’lumot uchun: McDonnell Douglas MD-11F — yirik yuk tashuvchi samolyot bo‘lib, asosan FedEx Express, Lufthansa Cargo va UPS Airlines aviakompaniyalari tomonidan xalqaro reyslarda foydalaniladi.





