Asia Alliance Bank tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Avstriya Taraqqiyot Bankidan 15 million AQSH dollari jalb qildi
Bank shu tariqa O‘zbekistondagi tijorat banklari orasida ushbu yirik Yevropa taraqqiyot institutining birinchi hamkoriga aylandi.

Asia Alliance Bank Boshqaruvi raisi Umidjon Abduazimov ushbu kelishuvning strategik ahamiyatini alohida ta’kidladi:
“Avstriya Taraqqiyot Banki bilan ushbu bitimning imzolanishi kapital manbalarini diversifikatsiya qilish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha strategiyamizni amalga oshirishdagi muhim qadamdir. Yetakchi Yevropa taraqqiyot institutining ishonchi Asia Alliance Bank’ning moliyaviy barqarorligi, shaffofligi va xalqaro bozordagi yuqori obro‘sini tasdiqlaydi. Jalb qilingan mablag‘lar O‘zbekistondagi mikro, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga, jumladan, “yashil” loyihalar va ayol tadbirkorlar tashabbuslarini moliyalashtirishga to‘liq yo‘naltiriladi. Bu mahalliy tadbirkorlarga loyihalarni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va innovatsiyalarni joriy etish uchun uzoq muddatli resurslardan foydalanish imkonini beradi hamda mamlakat iqtisodiyotiga kuchli sinergik ta’sir ko‘rsatadi”.
O‘z navbatida, OeYeB bosh ijrochi direktori (CYeO) va Ijroiya kengashi a’zosi Sabine Gaber quyidagilarni ta’kidladi:
“Asia Alliance Bank bilan hamkorligimiz strategik ahamiyatga ega bo‘lib, faoliyatimizning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini to‘liq aks ettiradi. Ushbu hamkorlik doirasida biz uchta muhim yo‘nalishni birlashtirmoqdamiz: mikro, kichik va o‘rta biznes uchun kapitalga kirishni kengaytirish, ijtimoiy ahamiyatga ega biznes tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, shuningdek, iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga xizmat qiluvchi dolzarb ekologik loyihalarni moliyalashtirish. Ushbu investitsiyalar O‘zbekistonda uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish, moliyaviy barqarorlik va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun ishonchli asos bo‘lib xizmat qilishiga ishonamiz”.
EMGA investitsion-banking xizmatlari departamenti boshqaruvchi direktori va hamraisi Sajeyev Chakkalakal qo‘shimcha qildi:
“Biz uchun Asia Alliance Bank’ning O‘zbekistonda MKOB sektorini qo‘llab-quvvatlash borasidagi keng ko‘lamli qarashlarini namoyon etish va Avstriya Taraqqiyot Banki bilan hamkorlikda ushbu moliyalashtirishni muvaffaqiyatli tuzish katta mamnuniyat bo‘ldi”.
EMGA boshqaruvchi direktori va operatsion direktori Jeremy Dobson ham quyidagicha izoh berdi:
“Asia Alliance Bank jismoniy shaxslar, kichik biznes va yirik korporativ mijozlar uchun kompleks va yuqori texnologik moliyaviy xizmatlar spektrini taqdim etadi. Yangi moliyalashtirish liniyasi va kredit portfelining diversifikatsiyasi bankning kelgusidagi barqaror va sifatli o‘sishi uchun mustahkam poydevor yaratadi”.
Asia Alliance Bank O‘zbekistondagi yetakchi va jadal rivojlanayotgan tijorat banklaridan biridir. 2009-yilda tashkil etilgan bank korporativ, chakana, g‘aznachilik xizmatlari hamda savdo moliyalashtirish mahsulotlarining to‘liq spektrini taqdim etadi. Asia Alliance Bank xususiy sektor uchun ishonchli hamkor sifatida mustahkam obro‘ga ega bo‘lib, MKOBni moliyalashtirish bo‘yicha muntazam ravishda nufuzli xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lmoqda va raqamli bank xizmatlari ekotizimini faol rivojlantirmoqda.
Avstriya Taraqqiyot Banki (Oesterreichische Entwicklungsbank) 2008-yil mart oyida Avstriya Respublikasining rasmiy taraqqiyot instituti sifatida tashkil etilgan. Davlat mandati doirasida bank rivojlanayotgan mamlakatlarda yashash sharoitlarini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish va xorijiy investitsiyalar oqimini rag‘batlantirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtiradi. Bank Oesterreichische Kontrollbank (OeKB)ning 100 foizlik sho‘ba tuzilmasi hisoblanadi.
Emerging Markets Global Advisory Limited (EMGA) — bosh ofislari Nyu-York va Londonda joylashgan, rivojlanayotgan va frontiyer bozorlarga ixtisoslashgan xalqaro investitsion-banking kompaniyasi. Kompaniya qarz va aksiyadorlik kapitalini jalb qilish bo‘yicha ekspert xizmatlarini ko‘rsatadi hamda O‘zbekistonni o‘z strategik faoliyatining eng muhim va istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘radi.





