add

Atom energetikasida vakolatli organ rasman belgilanmoqda

Bugun 09:384232 daqiqa

Aholi soni va turmush darajasining oshishi natijasida 2030-yilga kelib O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj 120–125 mlrd kWhʼga yetishi mumkin, deyildi Senat majlisida.

Atom energetikasida vakolatli organ rasman belgilanmoqda

Senatning 12-yalpi majlisida «Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi Qonun muhokama qilinib, ma’qullandi. Hujjat atom energetikasi sohasida davlat boshqaruvini aniq belgilash va huquqiy bazani xalqaro standartlarga moslashtirishga qaratilgan.

Muhokamalar davomida ta’kidlanishicha, butun dunyoda, shu jumladan O‘zbekistonda ham elektr energiyasiga bo‘lgan talab izchil o‘sib bormoqda. Ekspertlar hisob-kitoblariga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish, aholi soni va turmush darajasining oshishi natijasida 2030 yilga kelib elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj 120–125 mlrd kWhʼga yetishi mumkin.

Shu sharoitda barqaror va uzluksiz energiya ta’minotini ta’minlash davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishga aylanmoqda. Atom energetikasi ushbu vazifani hal etishda muhim o‘rin tutadi. Katta va kichik quvvatli reaktorlarning uyg‘un ishlashi energetika tizimi barqarorligini oshirib, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini samarali integratsiya qilish imkonini beradi.

Prezidentning 2024 yil 24-maydagi qaroriga muvofiq, Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi qayta tashkil etildi. Yangi tuzilma — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi to‘g‘ridan to‘g‘ri hukumat tarkibiga kiritilib, kengaytirilgan vakolat va vazifalarga ega bo‘ldi.

Qonunga muvofiq, aynan ushbu agentlik atom energiyasi sohasida vakolatli organ sifatida belgilanmoqda. Davlat organlarining vakolatlari, javobgarligi va o‘zaro hamkorlik mexanizmlari aniqlashtirilmoqda.

Senatorlar fikricha, Qonunning qabul qilinishi yadro xavfsizligi va radiatsiya muhofazasini kuchaytirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda O‘zbekistonning atom energetikasi sohasidagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid

Atom energetikasida vakolatli organ rasman belgilanmoqda | Vaqt.uz