Aviadispetcherlar uchun majburiy tibbiy ko‘rik bekor qilindi
Fuqaro aviatsiyasi qoidalariga kiritilgan yangi o‘zgartirishlarda dispetcherlar uchun har kunlik smenadan oldingi tibbiy tekshiruv talabi bekor qilindi.

Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi samoviy hududida fuqaro va eksperimental aviatsiyasining parvoz qilish aviatsiya qoidalariga (O‘zR AQ-91) kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, havodagi harakatni boshqarish dispetcherlarining har kuni smenadan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi haqidagi talab bekor qilindi. Bu qaror xalqaro aviatsiya standartlariga muvofiqlashtirish maqsadida qabul qilingan.
Xususan, o‘zgarishlar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risidagi konvensiya talablariga moslashtirilgan. Mazkur konvensiya doirasida dispetcherlar uchun har kunlik tibbiy tekshiruv amaliyoti majburiy hisoblanmaydi.
Amalda yo‘q qoidalar
Shuningdek, yangi tahrirda ayrim qoidalar amaldagi ahamiyatini yo‘qotgani sababli chiqarib tashlandi. Masalan, bulutlarning quyi chegarasi belgilangan minimumdan past bo‘lmagan taqdirda o‘tish eshelonidan pastga tushishga ruxsat berilishiga oid normalar endi aviatsiya qoidalari tarkibiga kirmaydi.
Qoidalarda havo kemalarini tasniflash tartibi ham aniqlashtirildi. Unga ko‘ra, jihozlanishiga qarab havo kemalari ikki toifaga — asosiy havo kemasi hamda qayta jihozlangan havo kemasiga ajratiladi.
Kiritilgan o‘zgarishlar milliy aviatsiya qonunchiligini xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish va parvozlarni tashkil etishda ortiqcha byurokratik talablarni qisqartirishga qaratilgan. Bu esa aviatsiya sohasidagi me’yoriy bazani yanada soddalashtirish hamda sohaning samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.





