
«Aviasozlar» bozoridagi yong‘in: kamida 20 tadbirkor mol-mulkidan ajralgan
Toshkentning Yashnobod tumanidagi «Aviasozlar» bozorida sodir bo‘lgan yong‘inda do‘konlar va savdo rastalari yonib ketdi. Eng katta zarar ko‘rgan tadbirkorning 120 ming dollarlik tovari yongan.
Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan «Aviasozlar» (sobiq «Kadisheva») bozori hududida 13-dekabrga o‘tar kechasi yong‘in sodir bo‘lgani tasvirlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Vaqt.uz baxtsiz hodisa oqibatlarini voqea ro‘y bergan joyga borib o‘rgandi, mas’ullar va voqea guvohlari bilan suhbatlashdi.
Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, bozorning ma’muriy binolaridan biri yonayotgani haqidagi xabar 13-dekabr kuni tungi soat 01:30 da kelib tushgan.
Qutqaruv ekipajlari soat 01:34 da voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in 02:29 da qurshab olinib, 03:03 da to‘liq o‘chirilgan.
Yong‘in oqibatida ikkinchi qavatda joylashgan ma’muriy qismga yondosh 400 metr kvadrat maydondagi do‘konlar, rastalar va ulardagi mahsulotlar yongan. Hech kimga tan jarohati yetmagan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining Vaqt.uzʼga ma’lum qilishicha, ayni paytda yong‘inning kelib chiqish sabablari, yetkazilgan zarar ko‘lami o‘rganilmoqda. Ekspertiza natijalari bir oyda ma’lum bo‘ladi va shundan so‘ng yetkazilgan zarar ko‘lami rasman ma’lum qilinadi, dedi biz bilan suhbatda Murod Sodiqov.
Ayni paytda yong‘in sodir bo‘lgan hudud ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari tomonidan o‘rab olingan. Yong‘in sodir bo‘lgan hudud ham o‘rab qo‘yilgan. Ikkinchi qavatdagi savdo pavilyoni yong‘indan so‘ng qulab tushganiga guvoh bo‘lish mumkin.
Yong‘in yuz bergan hududda mahsulot realizatsiya qilish rastasi bo‘lgan tadbirkorlardan birining hikoya qilishicha, 20 ga yaqin do‘kon va sartaroshxona yongan, biroq bozor direktori 3 ta do‘konga o‘t tushgani va qolgan qismda faqat qandolatchilik mahsulotlari sotiladigan savdo rastalari bo‘lganini aytdi.
Eng ko‘p talafot ko‘rgan tadbirkorlardan birining 100 ming dollarlik tovarlari yonib ketgani aytilmoqda.
Bozor ma’muriyati va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari talafot yetgan tadbirkorlarning ko‘rgan zararlari borasida xatlov o‘tkazib turganining guvohi bo‘ldik. Tadbirkorlar va sotuvchilar qanday mahsulotlari yongani va qancha zarar ko‘rgani haqida arizalar yozishdi.
«Aviasozlar» dehqon bozori direktori G‘anisher Qurbonov yong‘in oqibatida ko‘rilgan zarar va tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan yordam haqida so‘zlab berdi.
Tadbirkorlar 20 ga yaqin do‘kon va sartaroshxona yonganini aytishdi, biroq bozor direktori 3 ta do‘konga o‘t tushgani va qolgan qismda faqat qandolatchilik mahsulotlari sotiladigan savdo rastalari bo‘lganini aytdi.
«Yong‘in tungi soat 1:30 lar atrofida sodir bo‘ldi. Bozorda juma tozalik kuni bo‘lgani sababli, ko‘plab xodimlarimiz shu yerda edi. O‘t o‘chiruvchilar ham tezda yetib kelgani sababli, yong‘in tezda bartaraf etildi. Ma’muriyat binosi joylashgan ikkinchi qavatdagi umumiy maydon 700 metr kvadratga teng. Sodir uning 400 metr kvadratiga zarar yetkazdi. Hech kimga jarohat yetmadi», — dedi bozor direktori.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mkkinchi qavatda faqat uchta tadbirkor do‘kon ochib faoliyat ko‘rsatayotgandi. 20 tadan ortiq tadbirkor do‘konlari degan gap haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, 1 metr enlikdagi savdo rastalari bo‘lgan.
«Hozir ekspertlar barcha jihatlarni o‘rganayapti. Yetkazilgan zarar xatlov qilinmoqda. Keyin, ular bilan suhbatlashib, zararlarning o‘rnini qoplash masalasi hal qilinadi. Hozir birinchi galdagi masala — zarar ko‘rgan tadbirkorlarga bozorimizdan yangi joy tashkillashtirib berish», — dedi G‘anisher Qurbonov.
Qayd etib o‘tish lozim, bozorning qolgan qismida faoliyat avvalgidek davom etmoqda. Rastalar va do‘konlar xaridorlar bilan gavjum.
Tuni bilan hududda tozalash ishlari olib borilib, bozorda savdo-sotiq avvalgidek davom etishi uchun ertalabgacha tartibga keltirilgan.
Bozor ma’muriyati va mas’ullar talafot ko‘rgan tadbirkorlarni tinchlantirib, birinchi navbatda ularga savdo uchun joy ajratilishi, keyinchalik ko‘rgan zararlarini qoplab berish masalasida ish olib borilayotganini tushuntirishayotgani guvohi bo‘ldik.
Vaqt.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.
Operator va montajchi: Sardor Ziyodullayev.
Teglar






