add

Avtobuslarning o‘rtacha harakat tezligi oshiriladi — Prezident qarori

Bugun 16:552782 daqiqa

Toshkentda aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini 60 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Avtobuslarning o‘rtacha harakat tezligi oshiriladi — Prezident qarori

Toshkent shahrida jamoat transportidan foydalanish ulushini oshirish, avtobuslar harakat tezligini yaxshilash va yo‘l infratuzilmasini kengaytirish orqali umumiy harakat sig‘imini oshirish rejalashtirilmoqda. Qaror doirasida yangi tuzilma – Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ham tashkil etiladi. U transport oqimini real vaqtda monitoring qilish va shahar harakati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Prezidentning 2025 yil 4-dekabrda qabul qilingan PQ–368-son qaroriga muvofiq, poytaxt transport tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha bir qator maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi. Jumladan, jamoat transportidan foydalanish darajasini 60 foizga yetkazish, avtobuslarning o‘rtacha tezligini 18 km/h'dan 24 km/h'ga oshirish belgilandi. Shuningdek, transport vositalari uchun 150 ming o‘rinli to‘xtab turish joylari barpo etish ham rejaga kiritilgan.

Metropoliten tarmoq uzunligini 103 kilometrga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu yo‘lovchi tashish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirishi kutilmoqda.

Qaror asosida tashkil etiladigan Yo‘l harakatini tashkil etish markazi shahardagi transport, yo‘lovchi va piyodalar oqimini uzluksiz monitoring qilish, zamonaviy raqamli va «yashil» texnologiyalardan foydalangan holda harakatni optimallashtirish bilan shug‘ullanadi. Markaz poytaxtning transport master rejasini ishlab chiqish vazifasini ham bajaradi.

Shu bilan birga, Toshkentga asosiy avtomobil yo‘llari orqali kirish nuqtalarda avtobus va metro kesishmalarida ko‘p qavatli to‘xtab turish joylari tashkil etiladi. Yer usti metro liniyalari va yo‘l o‘tkazgichlari ostida xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda qo‘shimcha parkovka maydonlari barpo etilishi ham belgilangan.

Shuningdek, intellektual transport tizimi ishlab chiqilmoqda hamda unda quyidagilar nazarda tutiladi:

Videokuzatuv vositalari va sensorlardan foydalangan holda transport, piyoda va yo‘lovchi oqimlari to‘g‘risida ma’lumotlar yig‘ish;

Transport va piyoda oqimlarini tahlil qilish asosida svetoforlarni boshqarish, svetofor fazalarini avtomatik tarzda moslashtirish;

Agar harakat jadvalidan chetga chiqilsa, maxsus va jamoat transporti vositalari harakatining ustuvorligini ta’minlash;

Avtotransportlar, shu jumladan, maxsus texnikalar harakatini monitoring qilish, qurilish hamda maxsus texnikalarning maxsus mexanizmlari ishini nazorat qilish;

Yo‘l-transport hodisasi xavfi yuqori bo‘lgan hududlarni aniqlash, ular bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 3-dekabr kuni Toshkentda transport boshqaruvini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish choralariga doir taqdimot bilan tanishdi. Prezident huzuridagi taqdimotda Toshkent shahrida yagona yo‘l harakatini tashkil etish markazini yaratish taklif qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid