Ayrim tadbirkorlar 2030-yilgacha soliqlardan ozod qilinadi

Bugun 10:395 daqiqa

Nogiron farzandini kunduzgi parvarish xizmatiga bergan ota-onalarga ham soliq imtiyozi beriladi.

Ayrim tadbirkorlar 2030-yilgacha soliqlardan ozod qilinadi © Foto: president.uz

O‘zbekistonda 3-18 yoshgacha nogiron farzandini kunduzgi parvarish xizmatiga bergan ota-onalar uchun ushbu xizmatga har oyda to‘lanadigan 3 million so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ni daromad solig‘idan, davlat-xususiy sheriklik asosida nogiron bolalarga kunduzgi parvarish xizmatini ko‘rsatayotgan tadbirkorlarni esa 2030-yilgacha soliqlardan (bundan ijtimoiy soliq mustasno) ozod qilish ko‘zda tutilmoqda. Bu kecha, 17-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan aholini, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish, shuningdek, bu sohadagi qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimotida so‘z boradi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda kunduzgi parvarish xizmatlari 396 ta tadbirkor tomonidan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular 4,4 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan bolaga xizmat ko‘rsatmoqda.

Yangi ijtimoiy xizmatlar

Shuningdek, ruhiy holatida buzilishlari mavjud I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 2026-yil davomida bosqichma-bosqich yangi ijtimoiy xizmatlar joriy etiladi. «Yangi kun» kunduzgi qarab turish xizmati, uy sharoitida qarab turish xizmati, kichik hajmli «Madad» uyi xizmati va «Ijtimoiy ta’til» qisqa muddatli joylashtirish xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bu xizmatlar qarab turish va parvarish qilish, kundalik hayot ko‘nikmalarini shakllantirish, maishiy ishlarga o‘rgatish, kasb va moliyaviy hisob-kitob ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘ladi.

Mazkur yangi xizmatlar davlat-xususiy sheriklik asosida malakaga ega bo‘lgan va zarur talablarga javob beradigan nodavlat tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladi. Bu orqali 2026-yilda 8,3 ming nafar ruhiy holatida buzilishlari mavjud shaxsni yangi xizmatlar bilan qamrab olish, 600 tagacha nodavlat tashkilot va yakka tartibdagi tadbirkorlarni ijtimoiy xizmat ko‘rsatishga jalb etish rejalashtirilgan. Yangi xizmatlardan foydalanish bilan bog‘liq xarajatlar Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi hisobidan subsidiya shaklida qoplab beriladi.

2026-yil 1-iyunga qadar 0-3 yoshda rivojlanishida nuqsonlar aniqlangan bolalar uchun ilk bor “Erta aralashuv” xizmati bosqichma-bosqich joriy etiladi. Ushbu xizmat orqali maxsus pedagoglar va davolovchi jismoniy tarbiya yo‘riqchilari ishtirokida bolalarga korreksion-pedagogik yordam, nutq va jismoniy rivojlantirish mashg‘ulotlari ko‘rsatiladi. Xizmat nodavlat tashkilotlar tomonidan maxsus elektron reyestr asosida yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, anatomik nuqsonlar bilan tug‘ilgan bolalarning qo‘shimcha tibbiy tekshiruv va jarrohlik xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.

Shu bilan birga, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab 18 yoshdan katta chuqur darajadagi aqliy zaiflik tashxisi qo‘yilgan shaxslarning parvarishi bilan band bo‘lgan qonuniy vakillar uchun har oylik yangi parvarishlash nafaqasi joriy etiladi.

«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari vakolatlari ham kengaytiriladi

2026-yil 1-iyundan boshlab «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari xodimlari tuman va shahar hokimliklari huzuridagi vasiylik va homiylik komissiyalari tarkibiga kiritiladi. Shuningdek, ruhiy holatida buzilishlari mavjud shaxslarga tayinlangan vasiy va homiylar tomonidan majburiyatlarning bajarilishi, ushbu shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlari, mol-mulkining muhofazasi, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari muntazam monitoring qilib boriladi.

Internat muassasalarini transformatsiya qilishga ham alohida e’tibor qaratildi. Takliflarga ko‘ra, «Muruvvat» internat uylari bosqichma-bosqich «G‘amxo‘rlik» markazlariga aylantiriladi. Endi mazkur muassasalar asosan tibbiy-ijtimoiy emas, balki ijtimoiy yondashuv asosida ishlaydigan, shaxsni jamiyatga moslashtirishga qaratilgan markazlar sifatida faoliyat yuritadi. U yerda yashovchilarni sport, ijodiy, ergoterapiya, mehnat va ijtimoiy-ma’naviy terapiyaga jalb qilish, «murabbiy kuzatuvida» mustaqil yashash xizmati orqali hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish, oilaviy muhitga yaqin kichik hajmli uylar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi

Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqiga ega toifalarni kengaytirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, I guruh nogironi bo‘lgan shaxslar va ularga hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxsga, shuningdek, 1941-1945 yillardagi urush nogironlariga tenglashtirilgan shaxslarga mazkur huquqni tatbiq etish taklif qilinmoqda.

Zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarni ish bilan taminlash

Taqdimotda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan yangi mexanizmlar ham muhokama qilindi. Xususan, ularni alohida murojaatsiz, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asosida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olish, ishga joylashtirish xizmatlarini ko‘rsatish va natijalar bo‘yicha tezkor axborot almashish tartibini joriy etish rejalashtirilgan.

Bolalar himoyasi

Bolalar huquqlarini himoya qilish va voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlikning ayrim shakllariga qarshi kurashish sohasida ham qonunchilikni kuchaytirish masalasi ko‘rib chiqildi. Ularga ko‘ra, voyaga yetmaganlar tasvirlangan pornografik materiallarni tarqatish maqsadida saqlaganlik uchun alohida ma’muriy javobgarlikni belgilash, shu kabi huquqbuzarlik takroran sodir etilganda jinoiy javobgarlikni qo‘llash, internet va telekommunikatsiya tarmoqlari orqali 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etganlik uchun jazoni kuchaytirish nazarda tutilgan. Voyaga yetmaganlar tasvirlangan pornografik mahsulotlarni tarqatish maqsadida respublikaga olib kirganlik, bunday mahsulotni tayyorlaganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik yoki voyaga yetmaganni pornografik harakat ijrochisi sifatida jalb etganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, voyaga yetmagan guvoh va jabrlanuvchilarning huquqlarini ishonchli himoya qilish maqsadida ularning qonuniy vakili instituti joriy etilmoqda va so‘roq qilishning aniq vaqt me’yorlari belgilanmoqda. Taqdimotda Jizzax viloyatida «islohotlar shtabi» tomonidan mahallalarning solishtirma ustunliklaridan kelib chiqqan holda shakllantirilgan loyihalar to‘g‘risida ham axborot berildi.

Davlat rahbari ijtimoiy himoya sohasidagi yangi mexanizm va takliflarni ma’qullab, tegishli qonun hujjatlarini imzoladi.

Teglar

Mavzuga oid