add

Benzin, metan, nikoh uzugi: oktabrda nimalar qimmatlashdi?

Bugun 11:252062

Markaziy bank oktabr oyida nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarida kuzatilgan yillik o‘zgarishlarni tahlil qildi. Unga ko‘ra, qish oldidan yoqilg‘i narxlari qimmatlashgan bo‘lsa, oshxona jihozlari va ayrim moslamalar arzonlashgani qayd etilgan.

Benzin, metan, nikoh uzugi: oktabrda nimalar qimmatlashdi?

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil oktabr oyida nooziq-ovqat mahsulotlari bozorida narx o‘zgarishlari nisbatan barqaror bo‘lib, tahlil qilingan 250 turdagi tovarlarning 97 foizida yillik o‘sish 10 foizdan oshmagan.

Jumladan, propan narxi 18 foizga arzonlashgan, ammo sentabrda u 7 foizga oshgan edi. Shuningdek, A4 qog‘oz narxi ikki oydan buyon ketma-ket pasaymoqda — sentabr oyida 3,7 foizga arzonlashgan bo‘lsa, oktabrda yana 3,9 foizga tushgan. Yirik oshxona jihozlari 3,5 foizga, konditsionerlar 1,3 foizga, ovqat tayyorlash uchun moslamalar 1 foizga hamda televizorlar 0,3 foizga arzonlashgan.

Shu bilan birga, ayrim tovarlar narxining sezilarli oshishi qayd etilgan. Xususan, nikoh uzuklari 33,4 foizga qimmatlashgan. Qizig‘i, sentabr oyida ham jahon bozorida oltin narxining ketma-ket o‘sishi fonida nikoh uzuklari narxlari xuddi shunday darajada oshgan edi.

Qish oldidan metan 30,5 foizga, benzin esa 11,7 foizga qimmatlashgan. Avvalroq Vaqt.uz inflyatsion kutilmalarini tahlil qilganda ham aholi va tadbirkorlarning eng kuchli xavotirlari yoqilg‘i va energiya narxlari oshishidan ekanligi ma’lum qilingan edi.

Shuningdek, gazetalar va jurnallar 15,3 foizga, dezodorantlar 10,3 foizga (sentabrda +10,5 foiz), tabiiy gullar 9,8 foizga hamda sigaretlar 9,6 foizga qimmatlashgan. Deraza oynasi narxi ham 8,7 foizga oshgani qayd etilgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy hisobda 250 turdagi nooziq-ovqat mahsulotining 243 tasida, ya’ni 97 foizida narxlar yillik kesimda 10 foizdan kam o‘sgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq oktabr oyida narxlari qimmatlashgan 22 ta oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxati ham e’lon qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Benzin, metan, nikoh uzugi: oktabrda nimalar qimmatlashdi? | Vaqt.uz