Bir milliard inson uy-joysiz qolishi mumkin

26.02.2026 | 22:002 daqiqa

Dunyo aholisining qariyb to‘rtdan bir qismi yaqin besh yil ichida boshpanasiz yoki yersiz qolishdan xavotirda.

Bir milliard inson uy-joysiz qolishi mumkin

Yer huquqlarini mustahkamlash sohasidagi global taraqqiyotga qaramay, dunyo bo‘ylab bir milliarddan ortiq inson — deyarli har to‘rtinchi katta yoshli kishi — kelasi besh yil ichida o‘z yerining bir qismi yoki butun yeri, shuningdek uy-joyiga bo‘lgan huquqlaridan mahrum bo‘lishidan xavotirda. Bu haqda BMT ko‘magida tayyorlangan hisobotda aytilgan.

Hisobotga ko‘ra, bu sohada ko‘plab muammolar saqlanib qolmoqda. hozirgi vaqtda dunyodagi yerlarning faqat 35 foiziga nisbatan mulk, egalik yoki foydalanish huquqlari rasman hujjatlashtirilgan.

«Davlatlar dunyodagi yerlarning 64 foizidan ortig‘iga yuridik mulk huquqiga ega, shu bilan birga bu ulushga an’anaviy foydalanishda bo‘lgan, muayyan egalik huquqlari mavjud, ammo hujjat bilan tasdiqlangan mulkchilikka ega bo‘lmagan yerlar ham kiradi.

Jami yerlarning chorak qismidan ko‘prog‘i xususiy mulk toifasiga kiradi — ular jismoniy shaxslar, alohida guruhlar yoki kompaniyalar tasarrufidadir.

Xususan, jahon quruqlik hududining taxminan 18 foizi yoki 2,4 milliard gektar yer xususiy shaxslar va korporatsiyalarga tegishli. Agar qishloq xo‘jaligi yerlarini hisobga olsak — bu dunyodagi barcha quruqlik maydonining taxminan 37 foizini tashkil etadi — eng yirik yer egalari bo‘lgan 10 foiz subyekt barcha ishlov berilayotgan yerlarning deyarli 90 foizini o‘zlashtirgan», — deyiladi hisobotda.

Yerlarning 10 foiziga nisbatan egalik maqomi noma’lumligicha qolmoqda.

Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, deyarli barcha mamlakatlarda ayollarning yerga egalik qilish yoki uni himoya qilish huquqlari erkaklarga qaraganda ancha zaifdir. Bu ham turar joy, ham qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlarga tegishlidir.

Teglar

Mavzuga oid