«BMW» YI bilan murosaga yo‘l izlamoqda
Kompaniya Xitoyda ishlab chiqarilgan «Mini» elektromobillariga bojlardan qochmoqchi.
© Javhar ChorshanbiyevaGermaniyaning «BMW» avtokonserni Xitoy zavodlarida yig‘iladigan «Mini» brendiga tegishli elektromobillar uchun individual import bojlarini bekor qilish masalasida Yevropa komissiyasi bilan muzokaralarni boshladi. Tomonlar amaldagi tarif to‘siqlariga muqobil sifatida minimal narxlar modeli joriy etish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda kecha, 25-fevral kuni «Reuters» xabar berdi.
«Volkswagen»dan muvaffaqiyatli pretsedent
Muzokaralar haqida Germaniyaning «Handelsblatt» nashri ham ikki xabardor manbaga tayanib ma’lum qilgan. Bu qadam boshqa bir yevropalik avtogigant «Volkswagen Group»ning muvaffaqiyatidan keyin tashlanyapti. Fevral oyi boshida uning «SEAT/Cupra» brendi ko‘p oylik muzokaralardan so‘ng «Tavascan» elektr kupe-krossoveri uchun bojlardan ozod etilishga erishgan edi.
Kutilishicha, shunga o‘xshash kelishuvlar boshqa kompaniyalar tomonidan ham tuzilishi mumkin. Xususan, xitoylik avtomobil ishlab chiqaruvchilar ham o‘z elektromobillarini Yevropa bozoriga yetkazib berishda individual imtiyozlar olish yo‘llarini izlamoqda. «BMW» rasmiy vakili matbuotdagi xabarlarga izoh berishdan bosh tortgan, Yevropa komissiyasi esa jurnalistlar so‘roviga tezkor javob bermagan.
Avtomobil ishlab chiqaruvchisining ikki tomonlama strategiyasi va bojlar miqdori
Minimal import narxlari mexanizmi bo‘yicha muzokaralar bilan bir qatorda «BMW» huquqiy vositalardan ham foydalanmoqda. Nemis konserni bir qator boshqa avtomobil kompaniyalari bilan birga Yevropa bojlarini sud tartibida ham bahslashmoqda.
Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillar importiga cheklovlar Yevropa Ittifoqi tomonidan 2024 yil oktabr oyi oxirida joriy etilgan edi. Bungacha Yevropa regulyatorlari tomonidan keng ko‘lamli anti-subsidiya tekshiruvi o‘tkazilgan.
Xitoyda «Mini Cooper» va «Mini Aceman» elektr modellarini ishlab chiqaradigan «BMW» uchun boj stavkasi 20,7 foiz etib belgilangan.





