
Bog‘cha va maktab pedagoglarining maoshi ikki barobar oshiriladi
O‘zbekistonda tarbiyachilar va maktab o‘qituvchilarining maoshi bosqichma-bosqich oshirilib, 2030 yilgacha ikki barobarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonda ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy maqomini oshiriladi. Bu haqda «O‘zbekiston–2030» strategiyasining yangi tahrirdagi loyihasida keltirilgan.
Hujjatda maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining o‘rtacha ish haqini 2030 yilga qadar ikki barobar oshirish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan. Maoshlar bosqichma-bosqich ko‘tarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 2026 yilda 0,4 barobar, 2027 yilda 0,8 barobar, 2028 yilda 1,2 barobar, 2029 yilda 1,6 barobar va 2030 yilga kelib 2 barobarga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
Strategiya loyihasida pedagog kadrlar sifatini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlarining malakasini uzluksiz oshirish orqali jami 500 ming nafar pedagog kadrlarni qamrab olish rejalashtirilmoqda. Bu orqali o‘qituvchilarning bilimi va ko‘nikmalarini xalqaro standartlarga moslashtirish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, kadrlar ta’minotida hududiy muvozanatni ta’minlash ham nazarda tutilgan. Ehtiyoj yuqori bo‘lgan fanlar va olis hududlardagi abituriyentlar uchun pedagogik ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosida tayyorlanadigan kadrlar ulushini 17 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.





