
Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish strategiyasi qabul qilindi
O‘zbekistonda 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi va harakatlar rejasi tasdiqlandi. bugungi kun men va jamoam uchun alohida ahamiyatga ega, deb yozdi Shahnoza Mirziyoyeva.

O‘zbekistonda bolalar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan yangi davlat siyosati qabul qilindi. Prezidentning «2026–2030 yillarda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmoni bilan 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi va harakatlar rejasi tasdiqlandi. Hujjat Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilgan.
Strategiya «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning amaliy ijrosini ta’minlash, shuningdek bolalar uchun barqaror, tizimli va samarali himoya mexanizmlarini joriy etishni ko‘zda tutadi. Hujjat INSPIRE xalqaro yondashuvlari, ilg‘or jahon tajribasi va eng yaxshi amaliyotlarga asoslangan.
«bugungi kun men va jamoam uchun alohida ahamiyatga ega. Prezidentimiz tomonidan «2026–2030 yillarda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmon imzolandi. Ushbu hujjat ustida jamoamiz bilan katta va mas’uliyatli ish amalga oshirildi. Bolalarni ishonchli tarzda himoya qiladigan samarali tizimni shakllantirish maqsadida jahon tajribasi va eng ilg‘or amaliyotlar chuqur o‘rganildi.
2026 yildan boshlab professional tutingan oilalar bilan ish boshlanadi. Bolalar psixologlar va huquqshunoslar yordamini olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar, oilalar esa zarur ko‘mak va oilaviy terapiya xizmatlari bilan ta’minlanadi. Oilani parchalash emas, balki uni qo‘llab-quvvatlash va qayta tiklanishiga yordam berish ustuvor vazifa hisoblanadi.
Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarini to‘liq yopish bo‘yicha qat’iy qaror qabul qilindi. Ularning o‘rnida antiijtimoiy xulq-atvorga ega bolalar uchun ijtimoiy integratsiya markazlari tashkil etiladi. Ushbu markazlarda asosiy e’tibor jazolashga emas, balki bolalarni jamiyatga moslashtirish va sog‘lom hayotga qaytarishga qaratilgan bo‘ladi.
Men uchun eng ahamiyatli o‘zgarishlardan biri, shubhasiz, qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgarishlardir. Tergov va sud jarayonlari jabr ko‘rgan bola uchun qo‘rquv yoki og‘riq manbaiga aylanmasligi kerak.
Bu keng ko‘lamli islohotlarning faqat bir qismi. Ushbu muhim va mas’uliyatli vazifani amalga oshirishda hissa qo‘shgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi jamoasiga hamda barcha hamkorlarimizga minnatdorlik bildiraman», — deb yozdi Shahnoza Mirziyoyeva.
Strategiya doirasida 2026 yildan professional qabul qiluvchi (foster) oilalar instituti joriy etiladi. Bolalarga psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi, oilalar esa qo‘llab-quvvatlash va oilaviy terapiya xizmatlari bilan ta’minlanadi. Asosiy tamoyil — oilani parchalash emas, balki uni saqlab qolish va mustahkamlash.
Respublika o‘quv-tarbiyaviy muassasalarini to‘liq yopish va ular o‘rnida antisotsial xulq-atvorga ega bolalar uchun ijtimoiy integratsiya markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu markazlarda jazolash emas, balki reabilitatsiya va jamiyatga moslashtirish ustuvor bo‘ladi.
Qonunchilikka kiritiladigan o‘zgarishlar orqali bolaga do‘stona adliya tamoyillari joriy etiladi. Zo‘ravonlik qurboni yoki guvohi bo‘lgan bolalar uchun bepul yuridik yordam ta’minlanadi, tergov va sud jarayonlarida ijtimoiy xodimlar ishtirok etadi, ko‘rsatmalar majburiy videoyozuvga olinadi.
Shuningdek, «Xavfsiz maktab» konsepsiyasi joriy etiladi, bulling va raqamli zo‘ravonlikka qarshi choralar kuchaytiriladi. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini yashirish yoki xabar bermaslik uchun ma’muriy javobgarlik kiritish taklif qilinmoqda.
Strategiya bolalar huquqlari va farovonligini ta’minlashga qaratilgan kompleks islohotlarning muhim bosqichi sifatida baholanmoqda.





