
«Bundan buyon to‘ntarishlarni faqat tushingizda ko‘rasiz» — Qirg‘iziston prezidenti
Sadir Japarov davlat endi zaif emasligini ta’kidlab, mamlakatda to‘ntarishlar davri tugaganini aytdi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 9-noyabr kuni xalqqa yo‘llagan murojaatida mamlakatda siyosiy barqarorlikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, endi to‘ntarishlar yoki siyosiy beqarorlik uchun hukumat hech qanday sabab qoldirmaydi.
Japarov ayrim «yomon niyatli guruhlar» muammolarni ataylab bo‘rttirib ko‘rsatayotgani, aholini norozilikka chorlab, saylovlar vaqtida beqarorlik yaratib, «nimadir sodir bo‘lishiga» umid qilayotganliklarini bildirdi.
«Ular orasida ilgari korrupsiya ishlari bo‘yicha jazoga tortilganlar, yashirin sxemalari buzilganlar va shaxsiy manfaatlaridan ayrilganlar bor. Ular go‘yoki jamiyat manfaati uchun emas, balki shaxsiy g‘azabi bilan harakat qilmoqda», — dedi prezident.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston endi ilgarigidek zaif davlat emas. «Birinchidan, biz to‘ntarish uchun sabab bermaymiz. Ikkinchidan, davlatimiz endilikda kuchli. Uchinchidan, xalq kimni qo‘llab-quvvatlashni va kim hokimiyatda bo‘lishi kerakligini yaxshi biladi. Bundan buyon to‘ntarishlarni faqat tushingizda ko‘rasiz», — deya ta’kidladi u.
Murojaat davomida Japarov korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi choralarni ham tilga oldi. Unga ko‘ra, Qirg‘izistonda haydovchilik guvohnomasini yoki boshqa hujjatlarni pora evaziga olish amaliyotiga barham berilgan. «Guvohnoma faqat bilim, mehnat va halollik bilan qo‘lga kiritiladi. Bu yangi davlat siyosati bo‘ladi», — dedi u.
Japarov o‘z so‘zini xalqqa murojaat bilan yakunlab, tinchlik va adolatni saqlash har bir fuqaro burchi ekanini ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Qirg‘iziston mustaqillik yillarida uch marta davlat to‘ntarishini boshdan kechirgan. 2005 yili mamlakatning ilk prezidenti Asqar Akayev, 2010 yili ikkinchi prezident Qurmanbek Bakiyev va 2020 yili beshinchi prezident Sooronbay Jeyenbekov hokimiyatdan chetlatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda xususiy avtomaktablar faoliyati to‘xtatilganligi haqida xabar bergan edik.





