
Buyuk Britaniya O‘zbekiston kompaniyalariga sanksiya qo‘lladi
Sanksiyalar ro‘yxatida tadbirkor Rustam Mo‘minov ham bor. U Rossiyaga paxta selyulozasi yetkazib berishda aloqador deb hisoblanmoqda.

Buyuk Britaniyaning yangilangan sanksiyalar ro‘yxatiga O‘zbekistondagi bir qancha kompaniyalar va tadbirkor Rustam Mo‘minov kiritildi. Bu haqda hukumat saytida e’lon qilingan rasmiy hujjatda ma’lum qilindi.
Xuddi shu kompaniyalar va Rustam Mo‘minov 23-oktabr kuni Yevropa Ittifoqining 19-sanksiyalar paketiga ham kiritilgandi. U 1965 yilda Toshkentda tug‘ilgan.
Mo‘minovning O‘zbekiston, Rossiya va Buyuk Britaniya fuqoriligiga ega ekani haqida ma’lumotlar tarqalgan. Biroq Buyuk Britaniya tomoni bu ma’lumotni inkor qilib, uning O‘zbekiston va Rossiyadan tashqari Isroil fuqarosi ekanini ko‘rsatgan.
Farg‘ona kimyo zavodi aktivlari muzlatib qo‘yilgan va xizmat ko‘rsatish taqiqlangan. London tomoni aytishicha, zavod Ukraina mustaqilligiga putur yetakizish uchun foydalanilgan mahsulot (paxta selyulozasi) va texnologiyalarni yetkazib berishda gumon qilinmoqda.
Korxona ma’lumotlariga ko‘ra, zavod MDHdagi eng yirik paxta selyulozasi ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lib, tayyor mahsulotning 90 foizdan ortig‘ini eksport qiladi. Asosiy bozorlar — MDH, Turkiya, Bolgariya, Xitoy va Yevropa.
Rustam Mo‘minov uzoq yillar davomida Farg‘ona kimyo zavodining asosiy egasi bo‘lgan. bugungi kunda unga tegishli zavodning ulushiga Olga Shagiyeva egalik qiladi.
Shagiyeva Farg‘ona kimyo zavodidan tashqari “Aloqainvest”, “Madad kapital invest mikromoliya tashkiloti”, “Construction Machinery” va boshqa kompaniyalarda ham ulushga ega.
Rustam Mo‘minov Rossiyadagi “Offis sity”, “Texnoresurs” va “Firm vest” kompaniyalari asoschisi ham hisoblanadi.
Shuningdek, sanksiyalar O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan boshqa kompaniyalarga ham ta’sir qildi:
“Gelion Business Trade” MCHJ (Toshkent);
“Chemistry International” MCHJ (Navoiy viloyati);
“Raw Materials Cellulose” MCHJ (Jizzax viloyati).
Uchchala kompaniya ham Ukrainadagi vaziyatni barqarorlashtirishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni yetkazib berishda gumon qilinmoqda.





