«Buyuk voqea»: Meksikada eng xavfli narkobaron maxsus reydda o‘ldirildi

23.02.2026 | 12:252 daqiqa

AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlagan harbiy operatsiya ortidan sakkizta shtatda zo‘ravonliklar avj oldi, favqulodda holat joriy etildi. AQSH davlat departamenti esa narkabaronning o‘ldirilishini «Buyuk voqea» deb atadi.

«Buyuk voqea»: Meksikada eng xavfli narkobaron maxsus reydda o‘ldirildi

Meksikaning eng qudratli narkobaronlaridan biri — El Mencho» nomi bilan tanilgan Nemecio Osegera shaxs maxsus harbiy amaliyot vaqtida halok bo‘ldi. Bu voqea ortidan mamlakatning bir necha shtatida kartel a’zolari tomonidan yo‘llar to‘sildi, biznes obyektlariga o‘t qo‘yildi va xavfsizlik vaziyati keskinlashdi.

Meksika Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 60 yoshli Osegera Jalisko shtatidagi Tapalpa shahrida o‘tkazilgan maxsus kuchlar amaliyotida yaralangan. U qo‘lga olinganidan keyin vafot etgan. Uning jasadi yakshanba kuni Milliy gvardiya kuchaytirilgan qo‘riqlovi ostida Mexiko shahriga olib kelingan.

Maxsus reyd AQSH harbiylari yetakchiligida amalga oshirilgan

«Reuters» avvalroq amaliyotda AQSH harbiylari yetakchiligidagi yangi ishchi guruh ishtirok etganini xabar qilgan edi. Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt AQSH razvedka ma’lumotlari bilan yordam berganini tasdiqladi va Tramp ma’muriyati Meksika armiyasining hamkorligi hamda muvaffaqiyatli operatsiyasi uchun minnatdorlik bildirganini ma’lum qildi.

«El Mencho» kim edi?

«El Mencho» asos solgan Jalisko Yangi Avlod Karteli so‘nggi yillarda Meksikadagi eng ta’sirli jinoiy tuzilmalardan biriga aylangan. Kartel narkotrafikdan tashqari yoqilg‘i o‘g‘irlash, tovlamachilik, odam savdosi va murakkab moliyaviy firibgarlik sxemalari bilan ham shug‘ullangan. Tashkilot G‘arbiy Meksikaning chekka hududlarida hujumlarda dronlardan foydalangani bilan ham tanilgan.

«Urush maydoni»dagi holat

Osegeraning o‘limi haqidagi xabarlardan so‘ng kamida olti shtatda kartel a’zolari o‘t qo‘yilgan avtomobillar bilan avtomagistrallarni to‘sib qo‘ydi va qator korxonalarni ham yoqib yubordi. Fuqarolar o‘limi qayd etilmagan. Puerto-Valyarta kurortida sayyohlar ijtimoiy tarmoqlarda hududni «urush maydoni»ga o‘xshatib, qora tutun osmonga ko‘tarilganini yozdi. «Air Canada», «United Airlines», «Aeromexico» va «American Airlines» aviakompaniyalari hududga parvozlarni to‘xtatdi.

Prezident Klaudiya Sheynbaum mamlakatda hayot odatdagidek davom etayotganini ta’kidladi, biroq ayrim shtatlarda maktablar ehtiyot chorasi sifatida darslarni bekor qildi. Mutaxassislar kartel ichida yetakchilik uchun kurash yangi qonli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda.

Osegeraning o‘limi AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari «buyuk voqea» deb atadi

AQSH Davlat kotibining o‘rinbosari, avval Meksikada elchi bo‘lib ishlagan Kristofer Landau Osegeraning o‘ldirilishi AQSH va Meksika, shuningdek butun Lotin Amerikasi uchun «Buyuk voqea» ekanini bildirdi.

Yanvar oyida AQSH tomonidan Venesuela prezidenti Nikolas Maduro qo‘lga olinganidan so‘ng, Donald Tramp «kartellar Meksikani boshqarmoqda» deb aytgan va «endi kartellarga qarshi quruqlikda zarba berishni boshlaymiz» deya ogohlantirgan edi.

Meksika prezidenti Klaudia Sheinbaum kartellarga qarshi kurashda AQSH bilan hamkorlikni kuchaytirishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, u Meksika suverenitetini himoya qilishini ta’kidlab, AQSHning Meksika hududida bir tomonlama harbiy harakatlariga qarshi ekanini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid