«BYD» foydasi 38 foizga tushdi: Xitoy elektromobil bozorida talab nega pasaymoqda?

Bugun 15:152 daqiqa

«BYD» foydasi pasayishi Xitoy elektromobil bozoridagi umumiy sekinlashuvni ko‘rsatmoqda. Talab, raqobat va subsidiyalar ta’siri.

«BYD» foydasi 38 foizga tushdi: Xitoy elektromobil bozorida talab nega pasaymoqda?

Xitoyning eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchisi «BYD» 2025-yilning to‘rtinchi choragida sof foydaning o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 38 foizga kamayganini qayd etdi. Bu haqda kompaniyaning moliyaviy hisobotiga tayanib, «Nikkei Asia» xabar berdi.

Foyda kamayishi

Qayd etilishicha, «BYD» foydasi ketma-ket uchinchi chorak davomida pasaymoqda, bu ichki bozorda talabning susayishi va model liniyasiining eskirgani bilan izohlanmoqda.

31-dekabrda yakunlangan uch oylik natijalarga ko‘ra, kompaniya 9,3 mlrd yuan (1,35 mlrd dollar) sof foyda ko‘rgan, bu tahlilchilar kutgan 12,29 mlrd yuanga nisbatan ancha kam. Ushbu davrda tushum 237,7 mlrd yuanni tashkil etib, 13,5 foizga qisqargan.

Yillik hisobda «BYD» sof foydasi 19 foizga kamayib, 32,6 mlrd yuanga (4,72 mlrd dollar) tushgan, bu 2021-yildan beri birinchi pasayishdir. Shu bilan birga, tushum atigi 3 foizga o‘sib, 804 mlrd yuanga (112 mlrd dollar) yetgan va so‘nggi olti yildagi eng sekin o‘sishni ko‘rsatgan.

Elektromobillar bozori qisqarishi

Kompaniya bu rentabellik pasayishini narxlar bo‘yicha raqobatning kuchayishi va agressiv marketing vositalaridan faol foydalanish bilan izohlamoqda.

Sentyabrdan beri «BYD» sotuvlari olti oy davomida pasayishda: xaridorlar avtomobil sotib olishni kechiktirmoqda yoki raqobatchilarning jozibadorroq takliflarini tanlamoqda.

2026-yil yanvar–fevral oylarida, elektromobillarga davlat subsidiyalari bekor qilinganidan so‘ng, kompaniya 400 mingdan ortiq avtomobil sotgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36 foizga kam. Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari assosatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu vaqt ichida Xitoydagi elektromobillar bozori umumiy hisobda 27,5 foizga qisqargan.

Vaziyat o‘zgarishi mumkin

«BYD» aksiyalari Hongkong stok bozorida may oyida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichidan qariyb 40 foizga tushib ketgan.

«BofA Global Research»ning Buyuk Xitoy mintaqasi bo‘yicha avtomobil va sanoat sektori tadqiqotlari rahbari Min Xsun Li ta’kidlashicha, «BYD» yagona holat emas, butun tarmoq sotuvlar sekinlashuvi bilan to‘qnash kelmoqda.

Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Erondagi urush fonida benzin narxlarining oshishi kompaniya foydasiga ishlashi va elektromobillarga talabni rag‘batlantirishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid