
Cambridge lug‘ati yil so‘zini e’lon qildi: millionlab insonlar bunga ruju qo‘ygan
«Parasotsial» — ommaviy madaniyat, inflyuyenserlar va sun’iy intellekt bilan yolg‘iz, bir tomonlama munosabatlarning yangi nomi. Ilmiy atama ommaviy so‘zga aylandi.

Kembrij lug‘ati 2025 yil uchun «yil so‘zi» sifatida «parasotsial» (parasocial) atamasini tanladi. Bu so‘z virtual dunyoda yuzaga kelayotgan bir tomonlama, ya’ni insonning mashhur yoki sun’iy shaxs bilan o‘zi o‘ylab topgan munosabatini anglatadi. Bu munosabat real emas, lekin insonning ongida juda kuchli va ta’sirli shakllanadi.
Lug‘atda ta’kidlanishicha, «parasotsial» — «bir insonning o‘zi shaxsan tanimaydigan mashhur bilan yolg‘iz o‘zi his qilgan aloqasi». Ilk bor 1956 yilda Chikago universiteti olimlari televideniye orqali tomoshabin va ekran qahramonlari o‘rtasidagi bu munosabat ilmiy jihatdan shunday tasniflagan.
Cambridge muharriri Kolin Makintoshga ko‘ra, sun’iy intellekt va ijtimoiy tarmoqlar «parasotsial» so‘zini akademik atamadan ommabop trendga aylantirgan. «Bu so‘z 2025 yil ruhiyatini to‘liq aks ettiradi. Minglab odamlar aynan shunday bir tomonlama munosabat ichida yashamoqda», dedi u.
Professor Simone Shnall esa yoshlarning inflyuyenserlar va hatto ChatGPT kabi AI vositalarini do‘st, maslahatchi yoki tasalli manbasi sifatida qabul qilish tendensiyasi haqida ogohlantirdi. U buni parasotsial munosabatning yangi bosqichi, deb atadi.
Shu bilan birga, lug‘at «memeify» va «slop» kabi sun’iy intellektga oid yangi so‘zlarni ham rasman qabul qildi. Bu so‘zlar Internetdagi memlar va ma’nosiz SI kontentini ifodalash uchun ishlatiladi.





