add

«ChatGPT» ish topishga yordam beruvchi yangi funksiyani ishga tushirmoqda

Bugun 15:202 daqiqa

Chat-botdagi yangi funksiya ish qidirish, rezyume yaxshilash va kasbiy rejalashtirishni avtomatlashtirishni maqsad qilgan.

«ChatGPT» ish topishga yordam beruvchi yangi funksiyani ishga tushirmoqda

«OpenAI» kompaniyasi «ChatGPT» platformasida ish topishga ko‘maklashuvchi yangi funksiyani sinovdan o‘tkazmoqda. «ChatGPT Jobs» deb nomlangan mazkur yechim virtual karera yordamchisi sifatida ish qidirish jarayonlarini soddalashtirishi, rezyumening sifatini oshirishi va keyingi kasbiy qadamlarni rejalashtirishda yordam berishi kutilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, yangi funksiya «ChatGPT»ni kundalik vazifalarni hal qilishda universal ilovaga aylantirishga qaratilgan navbatdagi qadam hisoblanadi. U mantiqan yaqinda ishga tushirilgan «Health» bo‘limiga o‘xshash bo‘lib, asosiy e’tiborni karera va kasbiy rivojlanish masalalariga qaratadi.

Ushbu bo‘lim orqali foydalanuvchilar «ChatGPT»dan shaxsiy karera maslahatchisi sifatida foydalanishi mumkin bo‘ladi. Xususan, rezyume va kasbiy profilni takomillashtirish, mehnat bozorida raqobatbardoshlikni oshirish hamda uzoq va qisqa muddatli karera rejalarini tuzish imkoniyatlari taklif etiladi.

Funksiya tavsifida uchta asosiy yo‘nalish qayd etilgan. Birinchisi — rezyume va kasbiy profilni yaxshilash. Ikkinchisi — foydalanuvchiga mos ish o‘rinlarini topish va boshqa nomzodlar orasida ajralib turish usullarini aniqlash. Uchinchi yo‘nalish esa shaxsiy maqsad va kutilmalarni inobatga olgan holda karera imkoniyatlarini izlash va taqqoslashdan iborat.

Ayni paytda ««ChatGPT» Jobs» ichki sinov bosqichida turibdi. Uning ommaviy foydalanishga qachon chiqarilishi haqida rasmiy ma’lumot e’lon qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «ChatGPT» chat-botiga salomatlikka oid ma’lumotlar uchun mo‘ljallangan «ChatGPT Health» bo‘limi qo‘shilgani haqida xabar bergandik. Ushbu bo‘lim kasallik tarixini yuritish, tahlil natijalarini ko‘rib chiqish, shifokor qabuliga tayyorgarlik ko‘rish hamda mashg‘ulotlarni rejalashtirish va parhez qilish bo‘yicha maslahat olish imkonini beradi.

Teglar

Mavzuga oid